Bug‘doy pishig‘iga yetmaganlar...

Ocharchilik. Yo‘lida uchragan tirik jonni o‘z domiga tortadigan tuyg‘u. Joniga chang soladigina emas, insoniy fazilatlarga ham putur yetkazadi. Imon­-e’tiqodini qayta va qayta imtihon qiladi. Sabr­-toqat, qanoat, odamiylik kabi tushunchalar u tufayli oyoqosti bo‘lishi mumkin...

Nurali Qobilning “Bug‘doy pishig‘iga yetmaganlar” qissasida ochlik va chorasizlik qarshisida ojiz qolgan insoniy tuyg‘ular va asrlar sinovidan o‘tgan boqiy qadriyatlar mahorat bilan qalamga olingan. O‘smat qishlog‘i odamlarining urush davri hayoti, ocharchilik balosining so‘ngsiz iztirobi katta insoniy dard sifatida tasvirlanadi.

Bir burda non, bir stakan choy bilan bolalarni ushlab turgan maktab ham qattiq sovuq tufayli yopib qo‘yilgan. Qishning endigina bir oyi o‘tyapti. Qolgan-­qutgan yegulik bilan nari borsa o‘n kunni amallash mumkin. O‘n yoshli Anvar onasining g‘amgin nigohidan ana shu o‘n kundan keyingi tashvish va tahlikani uqadi. Chunki uyda non yopilmas, anchadan beri tandirga yuk bo‘ladigan unni ko‘rishmagan edi.

Kenja singlisi har tong uyg‘onib, ko‘p non tushiga kirayotganligini aytadi. Qizbolaning tushi teskari keladi. Bug‘doy pishig‘iga yetmaguncha emin­-erkin non yeyish qayda? Tut pishig‘iga yetib olsak ham katta gap, deydi onasi.

O.Yoqubovning “Er boshiga ish tushsa”, O‘.Hoshimovning “Ikki eshik orasi”, “Dunyoning ishlari”, Nazar Eshonqulning “Urush odamlari”, Salomat Vafoning “Elat” kabi asarlarida oddiy xalq ustida olib borilgan noinsoniy siyosat, jang maydonlarida yuz berayotgan xunrezliklar haqqoniy talqin etilgan.

“Bug‘doy pishig‘iga yetmaganlar” qissasi ham ularda tilga olingan va olinmagan jihatlarni to‘ldiradi. Sanam, Qo‘ysin xola, Erali tegirmonchi, Usmonali, Zuhra xola, Ahmad omborchi kabi individual obrazlar inson matonati va shukronalikning yorqin ifodasidir.

Qo‘ysin xola chorasiz qolib, otameros o‘rigini kestiradi. Qishloq bolalari xuddi ilon tajovuz qilgan qaldirg‘och polaponlaridek duch kelgan tarafga chopib, chirqillashadi. Chunki bu oddiy daraxt emas, ularni boqadigan o‘rik.

Biroq bolalarning nolasiga hech kim quloq osmaydi. Qo‘ysin xolaning o‘zi ham ichidan eziladi. Ammo zardoli uchun soliq to‘lash Qo‘ysin xolaga og‘ir. Mevali daraxti borlarga o‘tgan yozda qo‘shimcha soliq solishgan. Qishloqning bola­baqrasiyu o‘tgan­ketgan non o‘rnida yeydigan o‘rikni ko‘zini chirt yumib, kestirishdan boshqa chorasi qolmaydi.

Och qolgan bolalarining iltijosiga chidolmay, ombordan g‘alla o‘g‘irlagan Abdurahmon esa kolxoz raisi va uning tarafdorlari tomonidan urib o‘ldiriladi. “Insofini it yeganlar. To‘rt bolani ko‘z oldimizda yetim qilish diya!”, deb Erali tegirmonchi choponining etagini qoqib qolaveradi. Oddiy tomoshabin bo‘lib turgan atrofdagi odamlarning jur’atsizligidan afsuslanadi. Hayf, odamgarchilik, deb o‘kinadi.

1937-­39 yillar fojiasi, nohaq ayblovlar urush davri odamlarining ongu­shuuridan hali o‘chmagan edi. Shaharlik tatar vakil, Ahmad omborchi, Xudoybergan rais kabi rahbarlar davlat nomidan gapirib, “qora xalqni” istaganicha ezadi, huzurlanadi. Qissaning ana shu o‘rinlari o‘quvchi qalbini larzaga solishi aniq. Qo‘rquv, xiyonat va shafqatsizlik ildiz otgan bir paytda millat ruhiyatida kechadigan tanazzul, xorlik kishini o‘yga toldirishi turgan gap.

Anvarning opasi hademay tut pishig‘i kelishini aytib, uni yupatadi. So‘ngra arpa, bug‘doy pishadi. Tog‘dan qorlar ketadi, deydi. Afsuski, bu safargi bug‘doy pishig‘iga qishloq ahli katta talofat va yo‘qotishlar bilan chiqadi.

Farovon, to‘kin hayotning qadriga yetish, isrofdan tiyilish, qanoatli, muruvvatli bo‘lish uchun ham bunday asarlarni tez­tez o‘qib turish kerak. Zero, adabiyot insonni faqat ezgulikka yetaklaydi. Xatolardan xulosa chiqarishga undaydi.

Gulbahor QURBONOVA,

adabiyotshunos olima.