Bugun tug‘ilgan kun
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov 1941 yil 21 martda Qashqadaryo viloyati, Koson tumani, Neko‘z qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetida tahsil olgan.
«Mitti yulduz», «Ko‘zlarim yo‘lingda», «Onajon», «Ruhim», «O‘zbekiston», «Xotirot», «Yurtim shamoli», «Yuzma-yuz», «Hayrat», «Najot qal’asi», «Yillar armoni», «Haj daftari», «Munojot», «Saylanma», «Dunyo», «Shoir yuragi», 4 jildlik «Tanlangan asarlar» va boshqa she’riy kitoblari nashr etilgan.
«Jannatga yo‘l», «Sohibqiron» dostonlarini yozgan.
Dantening «Ilohiy komediya»sini, A.Nekrasov, L.Ukrainka, T. Shevchenko, R.Hamzatov, Q.Quliyev asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi muallifi.
O‘zbek zamonaviy she’riyatining "Navoiy"si degan ta’rifga loyiq ko‘rilgan shoir ijodi nafaqat o‘zbek, balki qardosh xalqlar, dunyo kitobxonlari qalbidan munosib joy olgan.
Abdulla Oripov 2016 yilning 5 noyabr kuni vafot etdi.
***
Vafo qilurmisan, bahorim!
Ruhimda yo‘qoldi qarorim,
Tanimda qolmadi madorim.
Bizlarni bir yo‘qlab kelibsan,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
Yoz o‘tdi, kuz o‘tdi, qish o‘tdi,
Boshlardan sinovli ish o‘tdi.
Yurakka izg‘irin - nish o‘tdi,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
Yam-yashil qirlarni sog‘indim,
Chechakzor yerlarni sog‘indim,
U inja sirlarni sog‘indim,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
Lolaning lablari xandadir,
Dog‘i ham tubida - andadir.
O‘xshashi ruh ila tandadir,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
Intiqmiz do‘st bilan, yor bilan,
She’r bilan, soz bilan - tor bilan,
Diydorlash bizningdek xor bilan,
Vafo qilurmisan, bahorim?!