Bugun – 17 avgustdan boshlab Samarqandda jamoat transporti harakati qayta tiklandi, avtobus salonida yo‘lovchilar soni 25 nafardan oshmaydi
Respublika maxsus komissiyasi talablarining ijrosi yuzasidan viloyat transporti boshqarmasi xodimlari erta tongdan avtokorxonalarda bo‘lib, yo‘nalishga chiquvchi har bir avtobusni ko‘zdan kechirishdi. Unda asosan quyidagilarga e’tibor qaratildi:
- haydovchining tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi;
- 37 va undan yuqori bo‘lgan haroratda haydovchiga ishga chiqish uchun ruxsat bermaslik;
- haydovchilarni tibbiy qo‘lqop va niqob bilan ta’minlanganlik darajasi;
- qaytim uchun beriladigan pullarning yetarli darajada ekanligi;
- “Tezcard” elektron to‘lov tizimi uchun validatorlarning borligi;
- Belgilangan qat’iy talablar asosida dezinfeksiya ishlarini olib borilishi;
- avtobuslarning ichki va tashqi jihatdan ozodaligi;
- texnik talablarga javob bera olishi;
Shu bilan birgalikda boshqarma inspektorlari tomonidan kun davomida avtobus salonida yo‘lovchilarning soni 25 tadan oshmasligi, har bir so‘nggi bekatda dezinfeksiya ishlarning amalga oshirilishi nazorat qilib boriladi.
Hurmatli yo‘lovchilar! Imkon qadar avtobus salonida ijtimoiy masofani saqlang. Agar avtobus salonida yo‘lovchi soni me’yordan ortiq bo‘lsa, yaxshisi navbatdagisini kuting. Jamoat transportidan foydalangandan so‘ng, xavfsizlik jihatidan antiseptik vositalaridan foydalaning.
Samarqand viloyati transport
boshqarmasi axborot xizmati.