Oilaviy zo‘ravonlik millatimizga zid harakat

Samarqand shahrida “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik hamda shahvoniy shilqimlik qilish bilan bog‘liq jinoyatlar va ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar, ularning yechimlari va kelgusidagi vazifalar” mavzusida seminar tashkil etildi.

Sudyalar, prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlari, viloyat, tuman (shahar) hokimlarining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ullari ishtirok etgan tadbirda oilaviy zo‘ravonliklarning oldini olish, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida so‘z yuritildi.

Dastlab mavzuga doir videorolik namoyish etildi. Unda oila va jamiyatda ayolning o‘rni, uning huquqlari, bolalarni tazyiq va zo‘ravonlikdan asrash kabi mavzular aks ettirilgan bo‘lib, u orqali bolalar va xotin-qizlar huquqlari davlat himoyasida ekanligi ko‘rsatib berildi.

Seminarda viloyat sudi raisi vazifasini bajaruvchi Tolib Boyzoqov va Oliy sud sudyasi Murodjon Ababakirov ushbu toifadagi ishlarni sudlarda ko‘rish jarayonidagi amaliyot, surishtiruv va tergov organlaridagi protsessual harakatlar, bu boradagi yutuq va kamchiliklar haqida gapirib, statistik ma’lumotlarni ochiqladi. Sud, prokuratura va ichki ishlar idoralari hamkorligida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.

Oilaviy zo‘ravonliklarning oldini olishda xotin-qizlar faollarining o‘rni muhim. Shu jihatdan Samarqand shahar hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Ra’no Toshniyozova mahallalarda bu turdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, oilada sog‘lom ma’naviy muhitni yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi. Bu jarayonlarda mahalla yettiligi, huquq-tartibot idoralari va keng jamoatchilik hamkorligi o‘zining ijobiy natijasini berishini ta’kidladi.

Seminar yakunida oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik va shahvoniy shilqimlikka qarshi qat’iy kurash olib borish bo‘yicha takliflar bildirildi. Bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifa va chora-tadbirlar belgilab olindi.