Bugun energetiklar kuni: Xonadonlarimiz doimo nurga to‘lsin
Vaholanki, bozordan oddiygina bir buyum oling, u sizga ulovidan tushovi qimmat tushishi aniq, tag‘in asabiylashish... Elektrga esa bir boragina sim tortib qo‘ysangiz bas, o‘zi suvday oqib kelaveradi: xohlasangiz yoqasiz, xohlamasangiz o‘chirasiz.
Bugungi globallashuv jarayonida inson aql-zakovati bilan yaratilgan bu ne’matga bo‘lgan ehtiyoj yanada ortmoqda. Shuning uchun viloyatimiz nurchilari aholi, tadbirkorlarning bu ehtiyojini ta’minlash uchun imkon qadar xizmat qilmoqda.
Jumladan, joriy yilda Samarqand viloyatida 856 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari va 139 ta transformator punktlarini yangilash, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish belgilangan edi. Amalda bu muhim ishlar deyarli uddalandi. Shu davr mobaynida elektr uzatish tarmoqlari va transformator punktlarida mukammal ta’mirlash yumushlari olib borildi. Bu ishlar uchun 4,9 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Viloyatda ijtimoiy soha ob’yektlari va aholiga yetkazib berilayotgan elektr ta’minotini yanada yaxshilash maqsadida muayyan ishlar olib borilmoqda. Jumladan, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan arzon uy-joylarni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun 28,2 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i, 47 ta transformator punktlari o‘rnatildi. Qo‘shimcha ravishda arzon uy-joylar quriladigan 711 ta qishloq massivlarini elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun texnik-tashkiliy ishlar olib borildi.
«Urgut» erkin iqtisodiy zonasining Urgut, Nurobod va Past Darg‘om tumanlaridagi massivlarida sanoat iste’molchilarini elektr energiyasi bilan ta’minlash choralari ko‘rildi. Yangi tashkil etilayotgan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini izchil rivojlantirish maqsadida yuklama bilan ishlayotgan transformatorlar katta quvvatlilariga almashtirildi. 17 ta kichik sanoat zonalarida ham bu boradagi ishlar sifatli ado etildi. Hozirga qadar bu manzillarda 5,35 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i, 17 ta transformator punkti barpo qilindi.
«Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari yuzasidan tuman va shaharlardagi 33 mahallada tarmoqlarning samarali ishlashini ta’minlash yuzasidan mukammal yumushlar olib borildi. Bunday ishlar natijasida viloyatda qo‘shimcha quvvat zaxirasi yaratildi, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarining ishlash sifati yaxshilandi. Mahalla va qishloqlardagi iste’molchilar va ijtimoiy soha ob’yektlari, tadbirkorlik sub’yektlarining elektr energiyasi ta’minoti mustahkamlandi.
Shularni hisobga olib, bugun elektr qadriga yetish muhim ekanini eslatmoqchimiz. Buning uchun avvalo, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanmaylik, tejaylik, qo‘ni-qo‘shni, oshna-og‘aynilarning ham bu boradagi xatti-harakatlarini kuzataylik. Ular yetkazgan ziyon o‘zimizga tegishini tushunsak, yuz-xotirlik qilmasak va albatta, foydalangan elektr energiyasi to‘lovini amalga oshirib qo‘ysak, bu beminnat nurning qadriga yetgan bo‘lardik.
Gulzuhra SAYDULLAYeVA,
«Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» korxonasi matbuot kotibi.