Bugun inson koinotga birinchi parvoz qilgan kun
1961 yil 12 aprelda Yuriy Gagarin “Vostok-1” kosmik kemasida "Boyqo‘ng‘ir" kosmodromidan fazoga uchirildi va dunyoda birinchi marta Yer sayyorasi atrofida orbital parvozni amalga oshirdi.
Parvoz Yerga yaqin fazoda 108 daqiqa davom etdi. Bu vaqt ichida kema Yer atrofida bir marta aylanish qildi, shundan so‘ng Gagarin Saratov viloyatidagi Smelovka qishlog‘i hududiga "Vostok" apparatida muvaffaqiyatli qo‘ndi. Ikki kundan keyin mamlakat va butun dunyo birinchi kosmonavtni sharafladi.
Yuriy Gagarin koinotga parvoz qilganidan keyin Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘ldi. Bu unvon unga Vatan uchun jasorat ko‘rsatgani uchun berilgan.
Shundan buyon 12 aprel – Kosmonavtika kuni sifatida, BMT Bosh assambleyasining 2011 yil 7 apreldagi rezolyusiyasi bilan esa "Jahon aviatsiyasi va kosmonavtikasi kuni" sifatida nishonlanadi.
Dunyoning birinchi fazogiri hayotidagi tutgan o‘rni ham tarixiy ahamiyatga ega. Respublikamizning Mirzacho‘l tumani markazi 1974 yildan buyon Gagarin nomi bilan ataladi. O‘sha yili tuman markaziga shahar maqomi berilib, Gagarin nomi bilan atalib boshlangan. Bu shaharda birinchi kosmonavtga o‘rnatilgan haykal Markaziy Osiyo respublikalaridagi eng mahobatlisi hisoblanadi.
Yuriy Gagarin O‘zbekistonga tez-tez mehmonga kelib turganligini bugun katta avlod vakillari yaxshi eslaydi. U 1961 yildan 1968 yilgacha respublikamizga olti marta kelgan. Yurtimizga safari davomida ko‘plab jamoat, madaniyat va san’at arboblari, yoshlar, oddiy odamlar orasida bo‘lib, ko‘plab do‘stlar orttirgan.
2019 yil Jahon aviatsiyasi va kosmonavtikasi kunida kosmonavtlar – Vladimir Jonibekov, Solijon Sharipov, Yuriy Onufriyenko va Rossiya davlat dumasi deputatlaridan iborat delegatsiya a’zolari Yuriy Alekseyevich Gagarin haykalini ziyorat qilish uchun kelgan edi.