Bugun o‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy tavallud topgan kun
Yozuvchi, shoir, publitsist, tarjimon Abdulla Qodiriy 1894 yil 10 aprel Toshkent shahrida tavallud topgan.
Dastlab, musulmon, so‘ngra rus-tuzem maktabida ta’lim oladi. So‘ngra, Shayx Abulqosim madrasasi va Moskvadagi adabiyot kursida tahsil olib, o‘z bilimlarini boyitgan.
Abdulla Qodiriy faoliyati davomida Toshkentning Eski shahar qismidagi oziqa qo‘mitasida sarkotib (1918), «Oziq ishlari» gazetasining muharriri (1919), Kasabalar sho‘rosining sarkotibi (1920), «Mushtum» jurnalida tahrir hay’ati a’zosi (1923-26) kabi lavozimlarda mehnat qilgan.
Abdulla Qodiriy o‘zining «Uloqda» hikoyasi, «O‘tgan kunlar» va «Mehrobdan chayon» romanlari, «Obid ketmon» qissasi bilan o‘zbek adabiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shgan.
Shuningdek, «To‘y», «Ahvolimiz», «Millatimga», «Fikr aylagil» kabi she’rlari, «Baxtsiz kuyov» dramasi, «Juvonboz» hikoyalari bilan jamiyatda uchrovchi illatlar haqida fikr yuritadi.
Bundan tashqari, matni hech bir manbada uchramaydigan “Hech kim bilmasin” nomli drama ham yozuvchi nomiga nisbat berib kelmoqda. Atoqli yozuvchi 1919-1925 yillar davomida yuzlab maqolalar bilan birga hajviy asarlar ham yaratdi. Adib ijodiy faoliyatida 20 dan ortiq taxalluslardan foydalangan. U ko‘proq hajviy asarlari va tanqidiy maqolalarini Jo‘lqunboy, Kalvak Maxzum, Toshpo‘lat, Ovsar, Dumbul, Shig‘oy, Julboy, Boyqush, Dumbulboy, Jirqinboy, Dumbulboy devona, Shaqqox kabi taxalluslari bilan e’lon qilgan.
Shulardan xalq orasida eng mashhur bo‘lgani Jo‘lqunboydir.
Qodiriyga nisbat berilayotgan “Hech kim bilmasin” dramasi adibning o‘g‘li Habibulla Qodiriyning “Otam haqida” esdaliklarida “Jo‘lqunboy” taxallusi ostida sahna yuzini ko‘rganligi haqida ma’lumot uchraydi. “Qizil bayroq” gazetasining 1921 yil 17 sentyabr sonida bu haqda xabar ham berilgan. Unda “10 sentyabr yozlik “Turon” sahnasida “Hech kim bilmasin” (Jo‘lqunboy asari) o‘ynaldi”, deyilgan.
Bor-yo‘g‘i ikki qahramon va bir ko‘rinishdan iborat bo‘lgan ushbu komediyada jamiyatimizda uchrab turadigan ayrim illatlar achchiq kulgi ostiga olingan. Drama Jo‘lqunboy, ya’ni Abdulla Qodiriyning ma’lum va mashhur taxallusi bilan ko‘rsatilgan.
Drama mazmuniga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, unda xotinboz, duoxon qari domla o‘z nabirasi tomonidan fosh etiladi. Yozuvchining mahorati shundaki, u pul vajidagi yosh yigitcha orqali chirkin bir illatni ochib beradi. Ushbu dramani Hamza nomli teatr aktyorlari Sayfiqori Olimov bobo rolini, Shokir Najmiddinov esa yigitcha, ya’niy “qiz” rolini ijro etgan.
Ikki qahramon va birgina sahna katta bir millat inqirozini ochib bergan. Bu faqat Jo‘lqunboyning qo‘lidan keladigan jasoratdir.