Bugun Samarqandda tibbiyot xodimlari kuni nishonlanmoqda

Shu munosabat bilan Samarqand shahrida ham tantanali marosim o‘tkazildi.
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov tadbir ishtirokchilari va samarqandlik tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi.
– Dunyoda kasblar ko‘p va davlat, jamiyat hayotida bu kasb egalarining har birining o‘z o‘rni bor. Lekin odamlar salomatligini muhofaza qilish, insonlarga sog‘lik, yaxshi kayfiyat, ko‘ngil xotirjamligini baxsh etadigan tibbiyot xodimlari zahmatli mehnatini hech bir kasb bilan qiyoslab bo‘lmaydi, – dedi E.Turdimov. – Huzur-halovatdan kechib, kechani kecha, kunduzni kunduz demay qilayotgan sharafli ishingiz tufayli qanchadan-qancha bemorlar salomatligini tiklab, sog‘lom hayotga qaytmoqda. Buni, ayniqsa, keyingi ikki yilda dunyo miqyosida davom etayotgan pandemiya sharoitida barchamiz ko‘rdik, yurakdan his qildik. Buning uchun sizlar har qancha sharaf, e’zoz va ehtiromga munosibsizlar.
Bugungi kunda viloyatdagi 258 ta tibbiyot muassasasining 8 ming nafarga yaqin vrach va 27 ming nafardan ko‘proq o‘rta tibbiyot xodimlari aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Bu yil viloyatda 6 ta oilaviy shifokor punkti va 4 ta qishloq oilaviy poliklinikasi ochildi. Tibbiyot muassasalari 44 milliard so‘mlik tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Yaqinda Samarqand shahridagi 2-oilaviy poliklinikaga 1 milliard 422 million so‘mlik mammografiya uskunasi keltirib o‘rnatildi. Bu yil Samarqandda ilk bor viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bugungi kunga qadar ushbu amaliyot 10 nafar bemorda o‘tkazildi.
Marosimda soha xodimlaridan bir guruhi viloyat hokimligining faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, viloyatdagi tibbiyot muassasalari va tibbiyot xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblari elon qilindi.
Jumladan, viloyat kardiologiya markazi “Yilning eng yaxshi davolash-profilaktika muassasasi”, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bo‘lim boshlig‘i Sh.Norqo‘ziyev “Yilning eng yaxshi shifokori”, Paxtachi tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Sh.Jabborov “Yilning eng yaxshi sog‘liqni saqlash tashkilotchisi” nominatsiyalari g‘olibi bo‘ldi.