Bugun tug‘ilgan kun
O‘tgan asrning 70-yillarida Samarqand adabiy muhiti, xususan, vohaning nazm maydoni peshqadamlaridan bo‘lgan shoir va jurnalist Sur’at Oripov 1937 yil 18 yanvarda Oqdaryo tumanidagi Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan.
O‘rta maktabni bitirgach, Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida o‘qidi. Universitetni tugatib, viloyat «Lenin yo‘li» (hozirgi «Zarafshon») gazetasiga ishga keldi va chorak asrga yaqin ana shu dargohda mehnat qildi.
Sur’at Oripovda ilhomiy jo‘shqinlikdan tashqari, tirishqoqlik, mehnatsevarlik, kamtarlik kabi ajoyib fazilatlar ham bor edi. Ming afsuski, ustoz o‘z ijod namunalarini to‘plab, hammasini to‘la nashr qilishga ulgura olmadi. 1986 yilda bevaqt vafot etdi. Undan faqat Rauf Parfi bilan hamkorlikda chiqargan «Subhidam» to‘plamigina yodgor qoldi.
Chop etishga tayyorlagan «Ranglar va ohanglar», «Chanqovuz» deb nomlangan kitoblari shoir o‘limidan keyin chop etildi. 2020 yilda esa “Zarafshon” gazetasi kutubxonasidan” turkumi ostida “Shoir yuragi” deb nomlangan kitob chop etildi.
Quyida shoirning ayrim she’rlaridan bahramand bo‘lasiz.
HAYoT
Shunchalar sevimli sen, hayot,
Orzumga, o‘yimga sen qanot.
Suqlanib boqaman husningga,
Bunchalar oshiqman o‘zingga?
Chunki sen quyoshsan, yulduzsan,
Chunki sen kechasan, kunduzsan.
Chunki sen dilbarsan, yaxshisan,
Sen buyuk Navoiy, baxshisan.
Sen – ota, sen – ona, sen – ustoz,
Sen – ilhom, sen – qo‘shiq, tinmas soz.
Daryosan, dengizsan, buloqsan,
Qirlarda lolasan, o‘tloqsan
Sen – kuzsan, sen – qishsan, bahorsan,
Ishqimsan, rashkimsan, sen yorsan.
Shuning-chun chiqqim yo‘q qo‘yingdan,
O‘rgilib quchaman bo‘yningdan!
***
SAMARQAND
Har soniyang o‘zi bir qissa,
Sen yurakda yongan muhabbat.
Yo quyoshdan oldingmi bo‘sa,
Mehring buncha issiq, Samarqand?
Yo qizlaring to‘qigan atlas,
Chertganmikan qalbim torini?
Shirin-sharbat mevang etib mast,
Oldimi yo ixtiyorimni?
Ayt-chi, yoki «noni Osiyo»
Boldek tuyuldimi tilimga?
Yo qizlaring tun kabi siyoh,
Sochin tutqazdimi qo‘limga?
Ayt-chi, yoki go‘zal «Lolazor»
Qamashtirganmikan ko‘zimni?
Ona mehring etib yo xumor,
Qo‘lga oldimikan izmimni?
Senga singgan peshona terim,
Ishqim senga tushgan azaldan,
Senda yozdim birinchi she’rim,
Sen qilgansan meni g‘azalxon.
Ona shahrim, mo‘ysafid shahrim,
Ham yigitdek norg‘ul, navqiron,
Parvozda-chi, sen burgut, shahrim,
Teranlikda go‘yoki ummon!
Oqshomlaring tongdek dilrabo,
Quyosh chaqnar sening kulgingda.
Har mehmonga deysan:
– Marhabo!
Kel, o‘payin, ishchi qo‘lingdan!
Sur’at ORIPOV.