Bugun tug‘ilgan kun: Hoji Muin

Shoir, publitsist va ma’rifatparvar Hoji Muin Shukrullo o‘g‘li 1883 yil 19 martda Samarqand shahrida tug‘ilgan.

1901 yilda maktab ochib, bolalarni o‘qitgan. Avval eski usulda, 1903-1916 yillarda yangi usulda muallimlik qilgan. Ilg‘or jadid muallimi sifatida tanilgan.

1908 yilda «Rahnamoi savod» alifbe darsligini yozgan. 1913-1915 yillarda «Samarqand» gazetasi va «Oyna» jurnalida ishlagan.

Bir yil Rossiyada bo‘lib. Samarqandga qaytgach, «Hurriyat», «Mehnatkashlar o‘qi», «Mehnatkashlar tovushi», «Zarafshon», «Ovozi tojik» gazetalari, «Tayoq», «Mashrab», «Mushfiqiy» jurnallarida ishlagan. 1918 yildan 1921 yilgacha “Mehnatkashlar tovushi” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasiga muharrirlik qilgan.

1929 yilning 29 sentyabridan 3 yil Sibirda surgunda bo‘lgan. Surgundan qaytgach, O‘zbekiston davlat nashriyotining tojik bo‘limida adabiy xodim, «Qizil Yulduz» gazetasi muxbiri bo‘lib ishlagan.

Hoji Muin Nahif (Ojiz), Mehriy taxalluslari bilan she’rlar yozgan. «Guddastai adabiyot», «Yangi adabiyot» she’riy to‘plamlarini chop ettirgan. «Eski maktab - yangi maktab», «Ko‘knori», «Mazluma xotin» pesalarini yozib, ularni alohida kitob holida chop ettirgan.

1938 yil 24 yanvarda nohaq hibsga olinib, NKVD qoshidagi uchlik hukmi bilan 10 yilga qamalgan. Hukmni o‘tash chog‘ida 1942 yil 27 iyulda Rossiyaning Perm oblasti Solikamsk shahrida halok bo‘lgan.

NIMA EDIK, NIMA BO‘LDIK, NIMA QILAYLIK?

«Nima edik, nima bo‘ldik?» so‘rog‘i

Esimizga keladi har chog‘i.

«Nima qilmoq kerak edi?» derlar,

Bizdagi kambag‘al ishchi-erlar.

Ilgari bizlarga matlab bor edi,

Yangi maktab, eski maktab bor edi.

Chiqar edi bir-ikki ro‘znoma,

O‘qir edi uni xosu omma.

Yoshlarda dard ila g‘ayrat bor edi,

Xalqda ozgina himmat bor edi.

Nima bo‘ldi - ishimiz o‘zgardi,

Sog‘lig‘i ketdiyu qoldi dardi.

Ya’ni, na maktabu paktab qoldi,

Eski va yangilari tarqaddi.

Yangi maktabda mushuk o‘ynaydir,

Eski maktabda quchuk uxlaydir.

Bolalar ko‘chada hayron-sarson,

Onalar uychada nolon-giryon.

Otalarning ishi non topmoqdir,

Non uchun salla-chopon sotmoqdir.

Elimizda g‘ami maktab yo‘qoldi,

Loaqal maktab uchun gap yo‘qoldi.

Gazeta bo‘lsa-da bizning elda,

Chiqodir bir karra oyda, yilda.

Yoshlar bunda tutash ovladilar,

Qarilar bunda osh ovladilar.

Xalqimizning bor-yo‘g‘i to‘yg‘a,

Sarf o‘lur, bir puli qolmas uyg‘a.

To‘g‘risi, boylara himmat yo‘qdir,

Xayru ehson va hamiyat yo‘qdur.

Qolmadi sinfi taraqqiyparvar,

Barchasi bo‘ldi giriftoru zar.

Ba’zisi soch va soqol fikridadir,

Kechasi mohijamol fikridadir.

Bu orada faqat ishchi-dehqon

Qoldi nodonliq ila sargardon.

O‘qumay mulla bo‘lurmi ishchi?

O‘qumay haqni bilurmi ishchi?

Yovimiz bor oti «mustamlakachi»,

Yuzi oppoq ko‘rinur, qora ichi.

Ushbu yov birla qurash lozimdur,

Balki oni kuvlash lozimdur.

Yana bir yov bor - oti nodonliq,

Qiladir biza hamon xoqonliq.

Bunga qarshi urush ochmoq lozim,

Tezrak oni yo‘qotmoq lozim.

Buni yo‘q etmak uchun ilm kerak,

Holbuki, bizda bilimdir siyrak.

Ilm uchun maktab ochish lozimdur,

Eru xotinga o‘qish lozimdur.

Ilmsiz hur yashamoq mumkin emas,

O‘qug‘on elga chatoq mumkin emas.

So‘zlamoq chog‘i o‘tib ish bitdi,

Ish bilan birga sovuq qish bitdi.

Endi kim ishlamasa o‘lg‘usidir,

Ya’ni, armoni guli so‘lg‘usidir.

«Zarafshon» gazetasi, 1922 yil, 1 dekabr.