Bugun tug‘ilgan kun: Ismatulla Yo‘ldoshev

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Ismatulla Yo‘ldoshev 1953 yil 10 mayda Urgut tumanida tug‘ilgan.
Toshkent davlat universiteti huquqshunoslik fakultetini tugatgan.
Uzoq yillar prokuratura organlarida ishlagan.
I.Yo‘ldoshevning “Habib bo‘lgil menga, muhabbat”, “Bunda tonglar kashf etar o‘zni”, “Armonli dunyo”, “Havas”, “Bir hovuch oftob”, “Ko‘ngil yog‘dusi”, “Umr devoni”, “Qalb chirog‘i”, “Beshikdagi nur”, “Rubeji jizni” va “Umr sarhadlari” kabi o‘nlab she’riy kitoblari, hujjatli qissalari nashr etilgan.
2007 yilda «Sharq» nashriyot matbaa konsernida she’rlar, ruboiylar, kinossenariylar, qissalar, badiha, risola va badiiy lavhalari jamlangan uch jilddan iborat “Tanlangan asarlar” kitobi chop qilingan. Asarlari asosida ikkita badiiy film yaratilgan.
Ijodkor hozirda ruboiy va to‘rtliklardan iborat yangi to‘plamini yaratmoqda. Quyidagi ana shu kitobdan parcha e’lon qilamiz.

To‘rtliklar

Sir aytma duch kelgan har qanday kasga,
Muruvvat ko‘rsatma har bir nokasga.
So‘nggi pushaymonning foydasi yo‘qdir,
Olov ketgandan so‘ng o‘t-o‘lan, xasga.
- - -
Ona zamin deymiz, shu ona tuproq,
Ranju ozor chekar bizlardan ko‘proq,
Yaralgan bo‘lsak-da, suv ila gildan,
Qadriga yetmaymiz ko‘pincha, biroq.
- - -
Bugun sen otliqsan, bizlar piyoda,
Shu bois g‘ururing haddan ziyoda.
Vaqt kelib piyoda otliq bo‘lgandek,
Otdan yiqilgan ham ko‘pdir dunyoda.
- - -
G‘am-tashvish tushganda nogoh boshimga,
Do‘stlarim kelmadi izlab qoshimga.
Shunda anglab yetdim, ularning ko‘pi,
Aslida do‘st ekan nonu oshimga.
- - -
Baxtlisan, hamonki olyapsan nafas,
Tiriklik sen uchun bo‘lmaydi abas.
Odamlar safida bo‘lmoq istasang,
Hech hasad qilmagin, aylagin havas.
- - -
Ming turfa jonivor ongli jon emas,
Birov oliyhimmat, birov non yemas.
Kimsaning minnatli nonidan ko‘ra,
O‘ziga non topgan pushaymon emas.
- - -
Har narsaning o‘rni, vaqt-soati bor,
Fasllar almashsa tarovati bor.
Behuda sovurma o‘tgan damingni,
Umrning yillarga itoati bor.
- - -
– Men dunyoda bitta, yagona, dedi,
Hech kim teng kelmaydi, bir dona, dedi.
Turmushga chiqdi-yu gulday to‘zidi,
– Voy, xato qilibman, dugona, dedi.
- - -
Umrning farahbaxsh kunlari ko‘pdir,
To‘ylarga tutashgan kunlari ko‘pdir,
Yaxshilik kasb ayla ilkingdan kelsa –
Bu hayotning qora tunlari ko‘pdir.
- - -
Mardlarning bag‘ri keng, elga mehri bor,
Nokaslar nafs quli, zolim badkirdor.
Har kimning o‘z yo‘li, fe’lu a’moli –
Shunga qarab bo‘lar Alloh madadkor.
- - -
Halollik mahsuli – xotirjam yurish,
Manmanlik keltirar boshga ko‘p tashvish.
Xachir ot bo‘lay deb urinib ko‘rdi –
Shundan arimaydi boshidan sho‘rish.
- - -
Do‘stlar oqibatni bilmasa qiyin,
Oqilga itoat qilmasa qiyin.
Bandasi har turli o‘yin qilmasin –
Xudo nazariga ilmasa qiyin.
---
Kimki halol ishlab, zarra don topdi,
Rizqi butun bo‘ldi, bilki, shon topdi.
Kimki chiyabo‘ri yo‘lini tutdi,
Bo‘riga duch keldi va harom qotdi.