Bugun tug‘ilgan kun: Nuriddin Shukurov

Adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Nuriddin Shukurov 1930 yil 16 mayda Samarqand tumanidagi Turkman qishlog‘ida tug‘ilgan.
1945-1950 yillarda Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida o‘qigan.
1953 yildan SamDU o‘zbek adabiyoti kafedrasida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Keyinchalik universitetning o‘zbek va tojik filologiya fakultetida dekan, kafedra mudiri, prorektor bo‘lgan.

1968-1973 yillarda “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasida muharrirlik qilgan.
1990 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand bo‘limini boshqargan.
1977 yilda olimga "O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi" faxriy unvoni berilgan.
Nuriddin Shukurov 1995 yilda vafot etgan.
Quyida olim ijodidan namunalar o‘qiysiz.
***
To‘lqin

Borliq sokin, dengiz ham sokin,
Farang yanglig‘ tovlanar mayin.
Erkalanar quyosh taftida, Jilvalanar nur emgan sayin.

Qo‘zichoqning jingalasiday,
To‘lqin uriladi asta quchoqqa.
Sho‘x toychalar yolin yoygandek,
Ko‘pik sochib ketar qirg‘oqqa.

Shunday sokin edi borliq va dengiz,
Bir zarbda urardi olam yuragi.
Hamma yayrar edi dengiz bag‘rida,
Faqat tinchlik edi olam tilagi.

Birdan shamol turdi tinchlik buzildi,
Bo‘ron ostin-ustun qildi har yoqni.
Daraxtlarning belin qayirdi,
Yaproqlar shoxidan shirt-shirt uzildi.

Dengiz butkul yo‘qotdi tinchlik,
Hurkkan otday kishnay boshladi.
O‘z bag‘ridan hamma-hammani, Uloqtirib, otib tashladi.

G‘azabdan sakragan arslon kabi,
O‘zin otdi qirg‘oqqa to‘lqin.
Uning alamiga, uning g‘azabiga
Go‘yo bo‘lolmasdi hech narsa to‘sqin.

Shunday o‘zgarishda bu moddiy dunyo,
Ba’zan uyqudagi go‘zalday dildor.
G‘aflatda qolmagan ammo do‘stginam,
Ba’zida beayov to‘lqinlari bor.
---
Kavkazni kezdim

Aylanib Kavkazni kezdim tog‘u bo‘stonlar aro,
Sarvzor, Gulzor, emanzor, soz xiyobonlar aro.

Pastda dengiz to‘lqini, tegrangda o‘rmon epkini,
Boshda oftob yolqini-tuyg‘u jo‘shar qonlar aro.

Ko‘p huzur: o‘rmon kezib, dengizda ohista suzib,
Yayrasang ko‘ngil yozib, sho‘x huru g‘ilmonlar aro.

Chehralardir misli gul, ham yayragay, o‘sgay ko‘ngil,
Ritsaday zangori qo‘l bag‘rida javlonlar aro.

Angladim yuz asr sirrin-
Ko‘hi Kofning tarixin,
Tingladim afsona - she’rin, qissa-dostonlar aro.

Jonlanar o‘tmish zamonlar, shohlaru hoqonlar,
Ham Tariel pahlavonlar qal’a-qo‘rg‘onlar aro.

Bo‘lsa shunday tinch zamon, chiqsang kezib olam-jahon,
Xushnudo, hech qolmas armon, davru davronlar aro.