Bugun tug‘ilgan kun: O‘tkir Rahmat
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist O‘tkir Rahmat 1948 yil 15 martda Toyloq tumanining Uzun qishlog‘ida tug‘ilgan.
Samarqand davlat universiteti va Toshkent davlat yuridik institutida tahsil olgan.
Mehnat faoliyatini matbuot nashrlarida boshlab, ko‘p yillar nufuzli idoralarda xizmat qilgan.
1998 yilda “Shuhrat” medaliga va 2005 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoniga sazovor bo‘lgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
O‘tkir Rahmatning “Irmoq”, “Sog‘inch” , “Rayhon hidi”, “Shukrona”, “Oy yog‘dusi”, “Ko‘zim qorachug‘i”, “Xayol ifori”, “Yurakdagi qush”, “Xoksor maysa”, “Dilchiroq” (saylanma kitobining birinchi jildi) kabi o‘ndan ziyod she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
Hozirda "Xalq so‘zi" gazetasi bosh muharriri.
***
KO‘NGIL
(Ustozga)
Dargohingning eshiklaridan
Kecha-kunduz uzilmas qadam.
Shodlik o‘tsa qaysi biridan,
Kirib kelar qay biridan g‘am.
Qarashlaring hammaga tengdir,
Hammasini birday suyasan.
Osmondayin fe’ling ham kengdir,
Jilmayasan, kulib qo‘yasan.
Bu dunyoning tilsimi behad,
Ko‘zboylag‘ich kabi o‘yini.
Tutmish hamma farishtaday qa’d,
Chalar insof, imon kuyini.
Quvlik - tulki chap berar ko‘zga,
Ishonch hurkib turadi hayron.
Sehrlanib sehrli so‘zga
Dilda borin ochishing ayon!
Jilmayasan, senga baribir,
Maqtov yana malhamdek yoqar.
Bilmaysan kim gul-chechak axir,
Ilon bo‘lib kim zimdan boqar.
Sochiladi qalbning sirlari,
Eshiklarin bir-bir ocharlar.
Gullar ekib qaysi birlari,
Qay birlari og‘u socharlar.
Umr o‘tar oqqanday daryo,
Sevinch-g‘amni ko‘tarib boshga.
Hamon befarq yashaysan, ammo
Sho‘r peshonang tegsa ham toshga!
Qalbing torin tinglab unini,
Sho‘x jilmayding shunda ham mayin.
Zahar sochgan ko‘rar kunini,
Gul-chechaklar ekkanga qiyin!