Bugun tug‘ilgan kun

Taniqli jurnalist Ahmadjon Muxtorov 1936 yil 23 fevralda Samarqand shahridagi Lolazor mahallasida tavallud topgan.

1957 yilda O‘zbekiston davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini bitirgan.

Ilk mehnat faoliyatini “Zarafshon” gazetasida musahhihlikdan boshlagan. Keyinchalik tarjimon, adabiy xodim, bo‘lim boshlig‘i, mas’ul kotib, bosh muharrir o‘rinbosari sifatida ishlagan.

1973 yil 20 iyunda «Zarafshon» gazetasiga bosh muharrir etib tayinlangan. 1986 yildan respublika «Qishloq haqiqati» va «Selskaya pravda» gazetalariga bosh muharrir bo‘lgan. 1991 yil 1 yanvardan “Xalq so‘zi” gazetasi asoschilari qatorida yangi nashrning bosh muharriri vazifasini bajarishga kirishgan.

- O‘zbekiston jurnalistikasida «Ahmadjon Muxtorov fenomeni» degan iborani aytilishi otam faoliyatiga berilgan baho deb bilaman, - deydi A.Muxtorovning qizi Ozoda Muxtorova. - Qo‘limda otam haqida juda ko‘p maqolalar bor. «Serqirra muharrir», «Xodimlari qatori diktant yozgan muharrir», «Iqtidorni qadrlagan rahbar», «Haq so‘zni aytmoq shiori edi», «Mustaqillik jonkuyari» va hokazo. Turli yillarda, turli nizolar bilan chiqqan.

«Zarafshon» otam uchun o‘z uyidan ham qadrdon edi.

Men ana shunday fidoyi inson farzandi ekanim bilan doimo g‘ururlanib yuraman.

Ahmadjon Muxtorov 2000 yilda vafot etdi.

***

Qor hikmati

Har kuni ertalab onasi bir necha marta “Yotaverasanmi, turaqol, bolam” deganida ham “Hozir, birpas uxlay” deydigan Odiljon kecha ertalab hammani hayratda qoldirdi. Dadasi tong paytida – soat besh bo‘lmasdanoq uning boshi ustiga borib “Odiljon, dalada yarim metr qor turibdi” deyishi bilanoq “dik” etib o‘rnidan turdi-da, otasini savolga tuta ketdi.

- Yarim metri qancha bo‘ladi, dada?

- Tizzangga yetib qolsa kerak.

- Etigimni kiyib chiqsam, ichiga qor kiradimi?

- Yo‘q, u darajada emas.

- Haliyam yog‘yaptimi-a?

- Ha, elakdan un tushayotganday...

... Bolaning zum o‘tmay kiyinib dalaga chiqishi, qo‘liga kurakni olishi, eshikning oldini, keyin esa bobosining uyiga olib boradigan yo‘lakni tozalashi, qizishganidan qo‘lqopini va telpagini yechib tashlaganini kuzatganingizda, qalbingiz hayajonga to‘lib ketar ekan.

Qor... Tabiatning ajib mo‘’jizasi. Butun borliqni saxovat bilan marvaridga o‘raydigan bebaho inju. Hammayoqni pokiza va g‘uborsiz ham o‘z go‘zalligi bilan yuvib tashlaydigan joziba koni. Dehqonning yerini to‘ydiradigan, yozda unga suv manbaini vujudga keltiradigan, tog‘ cho‘qqilarini qoplaganida moviy osmon yog‘duchi bilan munavvar etadiga qor. Bolalarni ko‘chalarga chorlaydigan, chang‘ilarni ishga tushiradigan, qiz-yigitlarning yanoqlarini lov-lov yondirib, anor tusini beradigan qor.

Qor yog‘sin, laylak qor yog‘sin. Paytini bilib, mavridini anglab yog‘aversin. Butun olamni beg‘ubor qor qoplasin. Kishilarga shodlik, xurramlik, nasiba baxsh etadigan, muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otadigan qorga tasanno!

Qor hozir yog‘sin, yanvarning davomchisi – fevralda yog‘sin. Ammo bepoyon paxtazorlarda g‘o‘zalar lo‘ppi-lo‘ppi ko‘saklardan marjon taqqanida yoqqan qor qalbni qorong‘ilik pardasi bilan o‘raydi. Daraxtlar gullaganda, tabiat yashil libosga o‘ranganda yog‘adigan qor dilni xun qiladi. Har narsaning vaqti bor deb shuni aytadilar-da. Hozirgi qordan o‘rgilsang arziydi.

Kecha ertalab qadimiy Samarqand ko‘chalari oq choyshabga o‘raldi. Hammaning kayfiyati a’lo. Kishilar bir-birlarini tabriklashadi, qutlashadi. Odamlarning tabiati qiziq-da! Hamma yoqni qor bosib, avtobuslar kechikib chiqsa ham, qorni tozalovchi mashinalarning haydovchilari o‘z ishlarini bajarib ulgurmayotgan bo‘lsalar ham, hadeganda tramvay kelavermasa ham kishilar xursand. O‘zlari ishga ketib hovlida qorni kuraydigan hech kim qolmagan bo‘lsa ham, ular mamnun. Buning hammasi qorning oqligidan, qalbi pokligidan, hikmati ulug‘ligidan, xosiyati kattaligidan.

...Biz Samarqand agrometeorologiya stansiyasining boshlig‘i Sergey Vasilevich Skoroxodov bilan telefonda gaplashdik. (Bu ajoyib mutaxassisni qattiq sel kelganida, kuchli shamol bo‘lganida, tizza bo‘yi qor yoqqanida eslashimizni o‘ylab, bir oz noqulayroq sezdim o‘zimni). Sergey Vasilevichning kayfiyati a’lo darajada edi. Unga bugungi qor va yaqin kunlardagi ob-havo haqida so‘zlab berishni iltimos qildik.

Ma’lum bo‘lishicha, yanvar oyida, ayniqsa uning birinchi yarmida O‘rtayer dengizi tomonidan kelgan issiq va nam havo natijasida Samarqand shahrida va oblastimizda haroratning ko‘tarilishi ro‘y bergan. Oradan bir necha kun o‘tgach shimoliy kengliklardan safarga chiqqan sovuq havo issiq iqlim yo‘lini to‘sib, uning shashtini qaytarib, haroratning pasayishiga olib kelgan. Shu tufayli ancha miqdorda yomg‘ir yoqqandan so‘ng, u qorga aylangan.

O‘tgan kuni boshlangan qor, kecha tuni bilan yog‘ib chiqdi. Oblastimizda 20-30 millimetr yog‘ingarchilik bo‘ldi. Hamma yer qor qatlami bilan bab-baravar qoplandi. Uning qalinligi o‘rta hisobda 30-40 santimetr bo‘ldi.

Sergey Vasilevichning so‘zlariga qaraganda, yanvarning ikkinchi yarmida bu darajada qor yog‘ishi 1928-1929, 1934-1935, 1949-1950, 1968-1969 yillarning qish faslida ro‘y bergan. S.V.Skoroxodov suhbatimizning oxirida “Tushdan keyin qor yog‘ishi to‘xtaydi. 20 daraja sovuq bo‘ladi” deb ta’kidladi.

...Qor yog‘sin, tabiatni yashnatib, dillarni quvnatib, insonni xushnud qilib tabarruk qor yog‘aversin!

Ahmadjon Muxtorov.

1972 yil, 21 yanvar.