Bugun tug‘ilgan kun

O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron 1952 yil 20 yanvarda Samarqand tumanidagi Chordara qishlog‘ida tug‘ilgan.
O‘rta maktabni tugallab, Toshkent davlat universiteti (hozirgi Milliy universitet)ning jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Ish faoliyatini 1974 yilda nashriyot va ijodiy tashkilotlarda boshlagan. Keyinchalik Ma’naviyat va ma’rifat markazida rahbar o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy teleradikompaniyasida turli rahbar lavozimlarida ishlagan.

Xurshid Davronning dastlabki she’rlar to‘plami – «Qadrdon quyosh» deb nomlangan. Shundan keyin «Shahardagi olma daraxti», «Tungi bog‘lar», «Uchib boraman qushlar bilan», «To‘marisning ko‘zlari», «Bolalikning ovozi», «Qaqnus», «Bahordan bir kun oldin» kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

U tarixiy siymolar hayoti va faoliyati haqida so‘zlaydigan qator nasriy va nazmiy asarlar ham yaratgan. Jumladan, Bibixonim haqida «Samarqand xayoli», Ulug‘bek haqida «Sohibqiron nabirasi», Shayx Kubro haqida «Shahidlar shohi» kabi tarixiy-ma’rifiy qissalari o‘z o‘quvchilarini topgan.
1999 yilda Xurshid Davronga O‘zbekiston xalq shoiri unvoni berildi, shuningdek, «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan.
Quyida shoirning ayrim she’rlaridan o‘qiysiz.

XAYR DEMA, SEVGILIM
Bu dunyoning armonlari ko‘p ekan,
Ketar bo‘lsang, tomonlari ko‘p ekan,
Chechagidan somonlari ko‘p ekan,
Xayr dema, xayr dema, sevgilim.
Yarmi qora, yarmi oqdir dunyoning,
Yarmi sahro, yarmi bog‘dir dunyoning,
Yarmi visol, yarmi dog‘dir dunyoning,
Xayr dema, xayr dema, sevgilim.
Sen istasang gullar ro‘yi jahonim,
Yana bo‘yin taratadi rayhonim,
Chamanlarga aylanadi sayhonim,
Xayr dema, xayr dema, sevgilim.
Xayr desang, bu dunyoda netaman,
Boshim olib qayonlarga ketaman,
Seni izlab bo‘zlab-bo‘zlab o‘taman,
Xayr dema, xayr dema, sevgilim.

TABASSUMING YoDIMDA HAMON…
Tabassuming yodimda hamon,
Yodimdadir xandon ko‘zlaring.
Kulgularing eslayman, bu on
Unutilgan yolg‘on so‘zlaring.
Atirgulning bargiday qizil,
Alvon edi tabassuming ham —
Ey ko‘zlari xandon urgan qiz,
Nahot sendan qoldi faqat g‘am?!
Men bilaman,eng so‘nggi palla
Jonsiz qolib, sirg‘alsa qo‘lim,
Sening…sening tabassuming-la
Ko‘zlarimga boqadi o‘lim.