Bugungi kun o‘qituvchisi “Bizning davrimizda...” degan gapdan qutulishi lozim, yangi avlodga zamonaviy ta’lim-tarbiya kerak

Buyuk ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning “Inson tafakkurining quvvati va kengligi avvalo muallim tarbiyasiga bog‘liq”, degan so‘zlari ko‘pchilikka tanish. 

Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, bugungi davr pedagoglarining dunyoqarashini yuksal bo‘lishi muhim. Xalq ta’limi tizimidagi pedagoglarning kamchiligi – o‘quvchi-yoshlar bilan munosabatidadir. Pedagog-o‘qituvchi dars mashg‘ulotida o‘zi ta’lim olgan davr muhitidan kelib chiqqan holda bugungi davr o‘quvchilari bilan muloqot qiladigan bo‘lsa, ta’lim-tarbiya jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Pedagog-o‘qituvchi – “bizning davrimizda o‘qituvchilar qattiq olishardi”, “bizlarga o‘qituvchilar qattiq tanbeh berishardi” yoki “bizlarni, hatto o‘qituvchilar keskin urushishardi, ota-onalarimizga yetkazib bormas edik”, – degan tushunchalardan butunlay voz kechishi lozim. Chunki, xohlaymizmi yo‘qmi, bugungi zamon o‘quvchisi bilan o‘tgan zamon o‘quvchisi davri butunlay boshqa-boshqa davr hisoblanadi.

Bugungi yosh ota-onalar farzandlarining bog‘cha yoshidan boshlab xorijiy tillarni o‘rganishiga, maktabda qo‘shimcha darslar, qo‘shimcha mashg‘ulotlar, to‘garaklarga qatnashishiga alohida e’tibor qaratishmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda pedagog-o‘qituvchilar har bir o‘quvchi-yoshga ta’lim-tarbiya berish jarayonida alohida kreativ yondashishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Bugungi yosh avlod zamonaviy texnologiyalar asrida yashayotgan avlod hisoblanadi. Har bir o‘quvchining o‘z uyida zamonaviy texnologik vositalar yetarli. Bugungi kunda har bir oilada televizor, kompyuter, telefonlar, internet xizmati, muzlatgich, sovutgich va hokazolar mavjud. Lekin o‘quvchi o‘z uyidan chiqib maktab sinf xonasiga borganda bu narsalardan uzoqlashib qoladi. Maktabda o‘quvchi stol-stullar, doskadan iborat dekoratsiyalanmagan sinf xonasiga kirib keladi. Natijada o‘quvchida hech qanday sharoitga ega bo‘lmagan auditoriyaga nisbatan “hurmat” hissi yo‘qoladi. Deyarli bo‘sh auditoriyaning “egasi”, ya’ni o‘qituvchi yoki sinf rahbari o‘quvchining nazdida “e’tibor”ga sazovor emas.

Masalan, Finlyandiya maktablari mos ravishda keng mustaqillikka ega. Fin ta’limi tizimi uslubchisi Pokka Finlyandiya maktab jamoasining mustaqilligini quyidagicha ta’riflaydi: “Maktablar milliy va mahalliy ta’lim tashkilotlari tomonidan belgilangan tartiblar asosida boshqarilsa-da, maktab jamoasi ta’lim maqsadlariga qanday erishishlari bo‘yicha o‘zlari qaror qabul qilishadi”. Maktablar qonun bilan belgilangan asosiy tartib va qoidalarga amal qilgan holda o‘zlarining boshqaruv tizimi va qarashlari asosida o‘qitish va o‘rganishni tashkil etish huquqiga ega. Bundan tashqari, ko‘p hollarda maktab byudjetini tasarruf etish, maktab uchun xaridlarni amalga oshirish va kadrlar siyosatini yuritish ham maktablar zimmasidadir.

Finlyandiyadagi ta’lim ko‘pincha “bolaga yo‘naltirilgan” yoki “o‘quvchiga yo‘naltirilgan” deb qaraladi. Aslida ham ta’lim maktablar, o‘qituvchilar yoki ota-onalar uchun emas, u – bolalar va yoshlar uchundir. Finlyandiyaliklar mamlakatdagi turli o‘zgarishlar yoki islohotlarni “bu bolalar yoki yoshlar uchun foydalimi?”, degan nuqtai nazar bilan baholaydi. Pokka ta’kidlaganidek, “maktab direktorlarining o‘z faoliyatidagi asosiy maqsadi, boshqaruv yoki moliyaviy masalalardan oldin, mavjud holatda o‘quvchilar uchun eng yaxshi sharoitlarni ta’minlashdir”.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida xalq ta’limi muassasalarini boshqarish tizimini takomillashtirish, moddiy-texnik va o‘quv-metodik bazasini mustahkamlash, nodavlat umumta’lim maskanlari tarmog‘ini yanada rivojlantirish, “Zamonaviy maktab” davlat dasturini tayyorlash kabi masalalar belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, davlat rahbarining “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda yangi avlod pedagoglarini tayyorlashda muhim huquqiy asos bo‘ladi. Qaror o‘ta dolzarb va o‘zaro uzviy bog‘liq 3 ta vazifa – zamonaviy ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, yuqori malakali professional kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga ko‘tarish, pedagogika sohasida ta’lim, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash masalalarini samarali hal etishni ko‘zda tutadi.

Agar mamlakatimizda ham barcha maktablarning sinf xonalari va auditoriyalarini ta’lim sifatiga moslab dekoratsiyalashni amalga oshira olsak, bundan tashqari, har bir sinf xonasiga zamonaviy texnologik, turmush uchun zarur bo‘lgan maishiy buyumlarni joylashtirsak (smart televizor, kompyuter, internet xizmati, muzlatgich, sovutgich va hokazolar) o‘sha sinf xonasi va auditoriyaga nisbatan o‘quvchida hurmat hissi paydo bo‘ladi. Buning ortidan o‘quvchi-yoshlarda sinf xonasi va auditoriya “egasi” – o‘qituvchi hamda sinf rahbariga nisbatan ham hurmat-e’tibor hissi oshishi turgan gap.

Ta’lim tizimida murakkab texnologik omillarga katta e’tibor qaratamiz-u, lekin oddiy turmush tarzi uchun zarur bo‘lgan, har bir o‘quvchi-yoshning har bir kuni va vaqti uchun kerakli bo‘lgan texnik va maishiy buyumlarning auditoriyalarda yo‘qligiga e’tibor qarata olmaymiz.

Masalan, oilada ota-ona farzandiga ertadan-kechgacha bir necha yumushlarni bajarishni buyuradi: yuvinish, kiyinish, ovqatlanish, dars tayyorlash va hokazolar. Farzandlar ota-onasi buyurgan bu yumushlarni sidqidildan bajarishga harakat qilishadi. Nima uchun? Chunki, yuvinish joyida sharoit bor: yuvinish vositalari, issiq-sovuq suv va hokazolar. Dars qilishi uchun ham sharoit bor: kompyuter, internet, noutbuk, telefon va hokazolar. Shuning uchun ham maktab yoshidagi yosh yigit-qizlarning barcha sharoitlar “sohibi” – ota-onalar buyurgan topshiriqlarni bajarish uchun sidqidildan harakat qilishi tabiiy holdir.

Tasavvur qiling, xuddi shunday sharoitlarni maktab hududi va sinf xonalarida ham ta’minlab bera olsak nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi. Bugungi kun yoshlari kechagi kun yoshlari emas. Bugungi kun yoshlari dunyoda qanday o‘zgarishlar, yangiliklar, voqea-hodisalar bo‘layotganligidan tezda xabardor bo‘layotgan yoshlardir.

Shuning uchun ham mamlakatimiz taraqqiyoti uchun “kelajakka qo‘yilgan kapital” asosida ta’lim-tarbiya tizimida mana shunday jihatlarga alohida e’tibor qaratishimiz maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Sobir QO‘ChQOROV, O‘zbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti tarix fani o‘qituvchisi.