Bugunning gapi: Befarqmizmi yoki farqli?
Sog‘liqni saqlash vazirligi, AOKA, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tashkil qilingan Koronavirusinfo telegram kanalini bugungi kunda sakkiz yuz mingga yaqin vatandoshimiz kuzatib boryapti. Vatanimizdagi ayni vaziyatdan xabardor bo‘lib turishni hammamiz ham istaymiz va buni kinoyasiz aytganda ham qoyilmaqom uddalayapmiz.
Tan olib aytaylik, qarorlar, farmonlar, farmoyishlarni ham bugungacha shunday kuzatganmiz. Ko‘nikkanmiz! Ko‘nikkanmiz, deyishimga sabab, ijroga kelganda loqaydliklarga tizginni ko‘proq berib yuboramiz. Bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihatlikda ish ko‘rishning aksiga ko‘nikkanmiz. Ana shu ko‘nikishlarimiz ertaga o‘zimizga, ha, aynan o‘zimizga qimmatga tushishi haqida o‘ylamaymiz. Nega?
Befarqlik
“Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlarida 23 martdan jamoat joylarida shaxsiy himoya vositalari (niqob)siz bo‘lgan shaxslarga ogohlantirish beriladi. 25 mart kuni soat 6:00 dan boshlab ushbu holat qayd etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida, mazkur holat yana qaytariladigan bo‘lsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari miqdorida jarima qo‘llaniladi”. Respublika maxsus komissiyasi axborotida mana shunday keltirilgan va bu axborot yuqorida keltirib o‘tgan manbada 22 mart kuni e’lon qilingan. Ushbu xabar internet tarmoqlari, televideniye orqali tarqatilganidan bexabar qolgan kishining o‘zi qolmadi. Ammo oradan bir sutka vaqt o‘tsa-da ko‘chaga chiqqan yurtdoshlarimizning aksariyati himoya vositalari(niqob)siz yurganiga guvoh bo‘lyapmiz. Menimcha, kimningdir (tinchlik-osoyishtaligimiz posbonlari) kelib ogohlantirishlarini yoinki 25 martni kutyapmiz...
Farqlilik
“Qirq yil qirg‘in bo‘lsa ham ajali kelgan o‘ladi”. Dono xalqimizning dono gapini o‘zlariga shior qilib olgan yurtdoshlarimizga qoyil qolish kerak! Ular o‘lmas, lekin bir insonning (balki insonlarning) hayotini xavfga qo‘yishga sababchi bo‘lib qolishlari mumkinligini o‘ylasharmikan?! Butun dunyo shu virus bilan kurashayotgan, hammani ogohlikka chaqirayotgan vaqtda shu maqolni aytib, o‘zidan “o‘lmas” yaratib olish o‘rinlimikan? Bu bilan nima qilmoqchi, nima demoqchi? Ko‘cha-ko‘yda bugun niqob taqmay yurgan kishilarning yuzida faqat bir narsani uqqanday bo‘lyapman – farqlilikni! Ular dunyodagi barcha o‘zini himoya qilayotganlardan farqlanib turishni istashadi. Boshqalardan ajralib, alohida bo‘lishni istash esa nima ekanini yaxshi bilasiz.
Iltimosnoma
Aziz yurtdosh! Sizga niqob taqib yurish yoqmasa ham taqing. Axir sizda ham ota-ona bor. Ularning duosi bilan tinchlik-xotirjamlikda ulg‘aydik, hech narsadan kam-ko‘stsiz voyaga yetdik. Siz ham ularning xasta bo‘lishini, azob tortishini istamaysiz, to‘g‘rimi?
Axir sizda ham farzand bor. Ular - kelajagimiz. Bu virusdan tuzalish mumkin, ammo asorati qolar ekan. Jismida jarohati bor farzand orzusidagidek kelajak yarata olmaydi. Siz ham bizdek kelajagimiz vorislarini to‘rt muchasi sog‘-salomat ulg‘ayishini istaysiz-ku!
Iltimos, farqli ham, befarq ham bo‘lmaylik!
Asliddin Mustafoyev.