Bugunning gapi: Konstitutsiya yangilandi, hech narsa o‘zgarmaydimi?
Bu haqda so‘raganlarga nega «yo‘q» deb javob berayotganim xususida
Xotira va qadrlash kunida kuzatganman, azbaroyi hamma borayotgani uchun qabristonga boradiganlar bor. Ammo menda sal boshqacharoq, har yili bu ishni o‘tganlarni yo‘qlash, ularni to‘g‘ri ma’noda eslash uchun boraman. Va har safar u yerga o‘g‘illarimni ham olib boraman. Otam, katta otam, u kishining otalari va momolarimning jismi ko‘milgan yerlarni qurigan o‘t-o‘lanlardan tozalaymiz. Qaytishda bolalarimga ular bilan bog‘liq xotiralar xaqida so‘zlab beraman.
- Ha, endi konstitutsiya yangilandi, nima o‘zgaradi, - bu galgi shirin xotiralar va ajoyib suhbatimizni yo‘l chetida to‘dalashib turgan kishilardan birining savoli buzib yubordi.
- Yo‘q, hech narsa o‘zgarmaydi, - dedim gapni qisqa qilib.
- I-ye, nega, 9 iyulda prezident saylovi bo‘ladi, deyapti-ku, seni ziyoli, tushungan bola desam, hech narsadan xabaring yo‘qqa o‘xshaydi?! Hech bo‘lmasa, ko‘chalar asfalt bo‘ladi, deb qo‘ysang ham mayli edi.
Davlat rahbarini saylash uchun ikki oy ichida yana bir siyosiy jarayon boshlanayotganidan xabarim borligini aytib o‘tirmadim. Zotan, unga amaldagi prezidentning vakolat muddati tugamaganligini, ammo bu tashabbus aynan birinchi rahbarning o‘zidan chiqqanligini gapirib berishga hojat yo‘q, deb hisobladim. Bundan ko‘zlangan birinchi maqsad Konstitutsiyani tezda amalga joriy qilish ekanligini baribir tushunmaydi, deb o‘yladim.
Ammo keyinroq Asosiy qonun bu shunchaki hujjat, unda belgilangan tamoyillarni amalda ta’minlanishi, shu kishiga, qolaversa, menga va butun jamiyat a’zolariga bog‘liq ekanligiga to‘xtalmaganimga afsuslandim.
«Mem»lar yoki avval tushuntiraylik
Rost, hamma vaqt biror voqelikka avval tanqidiy ko‘z bilan qarashga odatlanganman. Hamkasblarimning tanqidiy chiqishlari yoki ijtimoiy tarmoqlardagi negativlarga qo‘shilmasam-da qarshi bo‘lmaganman. Lekin Bosh qomus yangilangan shu kunlarda bunday qilish eng kamida noinsoflik, deb hisoblayman.
Afsuski, bugungi jarayonlar, kechayotgan siyosiy islohotlar haqida turli bo‘lar-bo‘lmas gaplar har daqiqa kuzatilmoqda. Ammo o‘shalardan fikrini so‘rang, aksariyati Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlarni to‘liq aytib berolmasligi tayin. Chunki yangiliklar chindan ko‘p, ularning mohiyati, hayotiy ahamiyati haqida katta-katta kitoblar yozish mumkin. Modomiki, shunday bo‘lmaganida davlat rahbari Konstitutsiyaga sharh yozish, buning uchun keng ilmiy jamoatchilikni jalb qilish, sharh oddiy, xalqchil tilda, barchaga tushunarli bo‘lishi kerakligi haqida alohida hujjat imzolamagan bo‘lardi.
Yana bir tomoni shundaki, yangilangan huquqiy maydon shunchaki rasmiyatchilik yoki faqat siyosiy maqsadlarga mo‘ljallangan bo‘lganida ham bunday yo‘l tutilgan bo‘lmasdi. Insof bilan ayting, agar shunaqa bo‘lganda ularga erishildi-ku, Asosiy qonunga kiritilgan o‘zgartishlarni tushuntirib o‘tirishga hojat yo‘q-ku.
Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa 14 tadan 18 taga yetkazildi. Bu yangilik bir qarashda sizga yoki menga qizig‘i, aloqasi yo‘qdek. Chunki endi hukumatni shakllantirish, uning faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish masalalari Qonunchilik palatasining vakolatiga o‘tkazildi. Rost-da, kimdir vazir bo‘lishi biz uchun odatda ahamiyatsiz.
Hududlar bilan bog‘liq masalalarni hal qilish, joylarda, ayniqsa, mahallalarda qonunlarning ijrosini ta’minlashga yo‘naltirilishiga esa aminmanki, befarq bo‘lmaysiz. Mazkur vazifa Senat faoliyatining asosiy yo‘nalishi sifatida belgilandi.
Bu borada davlat rahbari ham alohida to‘xtalib, «Endi ular pastga tushib, ko‘proq odamlarimiz bilan uchrashib, ularning muammolarini eshitsa, vazirlar va hokimlar bilan birgalikda har bir masala bo‘yicha aniq yechimlarni topsa, bundan umumiy ishimizga faqat foyda bo‘ladi», dedi.
Huquqlar ko‘p, talab qilishga imkon ham...
Biror-bir mansabdorning xatti-harakatlaridan norizo bo‘lasiz, u noqonuniy qaror qabul qilganiga ishonchingiz komil, biroq indamay ketishga majbur bo‘lgansiz. Hayotda bunday voqeliklarni ko‘p uchratamiz, ammo unga deyarli yechim yo‘q, chunki noqonuniy qaror faqat sud orqali bekor qilinadi, boshqa instansiyalar orqali yillab vaqt ketishi mumkin. Ammo arz qiluvchi sudga ham borolmaydi. Chunki sudya ishni ko‘rib chiqishi uchun belgilangan tartibda davlat boji to‘lanishi kerak.
Endi bunday bo‘lmaydi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 55-moddasida har bir shaxs o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishi uchun kafolatlar yanada kuchaytirildi. Unga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan ma’muriy sudlarga shikoyat qilishda fuqaro va tadbirkorlik sub’yektlaridan davlat boji undirmaslik belgilandi.
Masalaning muhim tomoni shundaki, ishni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha aybdor tarafdan davlat boji undiriladi. Demak, sudga murojaat qilishga va to‘lov to‘lamaslikka yo‘llar ochiq, ammo aybdor bo‘laturib adolat istasangiz, davlat boji sizning gardaningizga tushadi.
Yana bir gap, joriy yil 1 avgustdan boshlab soliq to‘lovchilar tomonidan yoshidan qat’i nazar, farzandlarining O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishlari uchun yo‘naltiriladigan to‘lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritilyapti.
Aytmoqchi bo‘lganimiz, agar mulohaza qilib ko‘rilsa, yangilangan Asosiy qonunimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini nafaqat ta’minlash, buning kafolati uchun qator normalar belgilandi. Davlat rahbarining ta’biri bilan aytganda, «yangilangan Konstitutsiyamizning ma’no-mazmuni, bosh maqsadi ham xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun munosib shart-sharoit yaratib berishdan iboratdir».
Shu bois eslab qoling, joriy yil 1 iyungacha o‘zbek va xorijiy tillarda «Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi» yagona milliy portali va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi.
Portal va uning mobil ilovasida fuqaro va tadbirkorlar uchun qonunchilikni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish hamda uni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar berish imkoniyati bo‘ladi.
Hammasi o‘zingiz va o‘zimizga bog‘liq
Davlat rahbari «Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida» farmon imzoladi. Biroq yuqorida keltirilganidek, Konstitutsiya yangi tahrirda qabul qilingani sizu bizga hech narsa bermasligi mumkin. Ya’ni, hech qanday o‘zgarishga sabab bo‘lmaydi. U shunchaki vosita, xolos. Ammo unga to‘g‘ri yondashsak, munosabatlarimizni o‘zgartirsak, u farovon kelajagimiz kafolati bo‘lishi shubhasiz.
Chunki yangi tahrirdagi Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llaniladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini ularni amalga oshirish uchun boshqa qonunchilik hujjatlarining mavjud emasligi yoki qonunchilikka Konstitutsiyaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmagani vaji bilan qo‘llashni rad etish qat’iyan taqiqlanadi.
Agar shuni ham bilmasak, hech narsa o‘zgarmaydi.
Yo.Marqayev.