Bulung‘urdagi Erganakli qishlog‘ini Turkiyadagi shu nomli bayram bilan nima bog‘laydi?
Bundan tashqari, Erganakli haqida juda ko‘p taxminlar bor. Aksariyat turkiy xalqlarda «Erganakli» nomli doston ham tildan tilga ko‘chib keladi. Afsuski, bu haqda hamma ham bilmaydi. Abulg‘oziy Bahodirxonning “Shajarai turk”, Remuditning “Jame-at-tarix”, B.Uchelning “Turk mifologiyasi” kitoblarida ham fikrlar aytilgan. Yurtimizda o‘ndan ortiq qishloqlar ham aynan “Erganakli” deb nomlanarkan. Xuddi shu nomdagi bayram Turkiyada nishonlanishini eshitib, qardosh davlatning Toshkentdagi elchixonasiga yo‘l oldim.
Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisining madaniyat va turizm masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jesim Chelebi bilan suhbatlashib bildimki, turklarning eng qadimiy bayramlaridan biri “Erganakon”, deb nomlanarkan. Bundan ham qizig‘i turk xalqining eng qadimgi, eng sevimli dostonlaridan biri “Erganakli” dostoni bo‘lib chiqdi.
Elchi maslahatchisi bilan suhbatimiz davomida u meni Turkiyaning Kastamonu shahriga, shu nomdagi bayramda ishtirok etishga taklif qildi. O‘tmishi bir, qardosh xalqlarning bayramlari ham o‘xshash bo‘larkan. Turkiyada “Erganakli” xuddi bizning Navro‘z kabi qadrlanib, biz Navro‘zni qanday nishonlasak, ular ham “Erganakli”ni shunday nishonlasharkan.
Turklar ushbu kunni do‘stlik, hamjihatlikning, borliq va hamkorlik, qon-qarindoshlikning qayta tug‘ilishi sifatida bayram qilishadi. Negaki bu xalqning «Erganakli” dostonida tog‘lar orasida qolib ketgan ajdodlarning 400 yil davomida kechirgan og‘ir hayoti va chorvachilik bilan shug‘ullanib o‘tkazgan zahmatli kunlari yoritiladi. Ota-bobolarimiz orqali yetib kelgan o‘zimizning shu nomli dostonda ham aynan tog‘lardagi hayot va undagi silliq g‘orga kirib ketgan ajdodlarimiz haqida so‘z yuritiladi.
Biz bayramda ishtirok etgan Kastamonu shahri turk dunyosi madaniyatining markazi deyilarkan. Bu shaharda har yili “Turksoy” tashkilotining “Navro‘z haftaligi” tantanalari o‘tkaziladi. Bu tantanalarda Turkiya Respublikasi hukumati rahbarlaridan tortib barcha turkiy xalqlar elchilarigacha ishtirok etadi.
Biz o‘zbeklarda kelin-kuyovning gulxanda aylanish odati bor edi. Turkiyada “Erganakli” bayramida gulxandan sakrab o‘tisharkan. Har ikki xalq dostonidagi g‘orni teshib o‘tish ramzi bo‘lsa kerak, ishtirokchilar bolg‘a bilan toshni maydalashadi. Bu tantanalar shu joyning o‘zida Navro‘z bayramiga ulanib ketdi. O‘zbekistondan borgan san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari barchani raqsga undadi. Shunday qilib, tarixiy bayram o‘yin-kulgi, do‘stlik bayramiga aylanib ketdi.
Bayram tantanalaridan so‘ng Kastamonu shahrining diqqatga sazovor joylarini ko‘zdan kechirdik. Tog‘lar va o‘rmonlar orasidagi qadimiy bu shahar Usmoniylar davrida qanday bo‘lsa, hozir ham deyarli shunday saqlangan. Ko‘chalarda saroylar, masjidlar, hammom va qadimiy davrda qurilgan uylar. Bizga eng yoqqan narsa shu bo‘ldiki, qayerdanligimizni so‘ragan mezbonlarning barchasi bizga yuksak ehtirom ko‘rsatib, «Ota yurtimizdan ekansizlar!», – deb aytishdi. Kastamonudagi Azdavay tumaniga sayohatimiz ham xuddi shu ruhda o‘tdi. Tog‘lar tepasida joylashgan tuman Kastamonudan mashinada 3,5 soatlik yo‘l. Bizni tuman boshqoni Osman Nurining o‘zi alohida ehtirom bilan kutib olib, qabul uyushtirdi.
Azdavayliklarning milliy kiyimlarini ko‘zdan kechirdik. Ayniqsa, xotin-qizlar kiyimlari o‘zimizning o‘zbek ayollari milliy libosiga juda o‘xshash. Boshqon bizni tog‘ tepasidagi oynadan qurilgan ko‘shkka taklif etdi. Tog‘ tepasidagi oyna yo‘ldan yurgan odam xuddi osmonda yurgandek bo‘ladi. Ostingizdagi chuqurlik, dara oynadan ko‘rinib, kishini biroz cho‘chitadi. Bu yerdagi ko‘prik yo‘ldan yurar ekansiz, xuddi tog‘lar ustingizga qulab tushadigandek, yuzlab metr pastda oqayotgan suv ovozi esa vahimali eshitiladi.
Umuman, bu yerda bo‘lib, o‘zimizda hali turizm sohasida qilinadigan ishlar ko‘p ekaniga amin bo‘ldim. Masalan, Buloqboshi sharsharasi 30 metr yuqoridan tushadi. Shunda beixtiyor 300 metr balandlikdan tushayotgan Surxondaryodagi, 100 metr balandlikdan tushayotgan Zomindagi sharsharalar yodimga tushdi. Bizda sayyohlarni jalb qilish uchun chiroyli va so‘lim joylarimiz juda ko‘p ekanligiga amin bo‘ldim.
Xullas, sayohat davomida o‘nlab joylarni ko‘rdik, yuzlab turk birodarlarimiz bilan dildan suhbatlashdik. Bizga eng ko‘p iliqlik bag‘ishlagan narsa baribir ikki xalqning o‘xshash urf-odatlari va xalqimizga nisbatan yuksak ehtirom bo‘ldi. Men tug‘ilib o‘sgan qishloq va yurtimizdagi o‘nlab joy nomlarining Erganakli va bu nomdagi bayram Turkiyada eng ulug‘ bayramligi tasodif emas ekan.
G‘ulomjon O‘ROLOV,
jurnalist.