Bulung‘urda bir kunda ikkita mashinadan o‘g‘irlik qilgan yigit qo‘lga olindi

Kecha, 5 avgust kuni Bulung‘ur tumani Sohibkor mahallasida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan N.B. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, 2020 yilning 4 avgust kuni soat 22:30 larda Bulung‘ur tumani Sohibkor mahallasi hududida o‘zining “Damas” rusumli avtomashinasini qarovsiz qoldirgan vaqtida, noma’lum shaxs kalit tanlash yo‘li bilan avtomashinasini ochib, mashina salonida bo‘lgan 100.000 so‘m pullarni va avtomashinani boshqarishga berilgan ishonchnoma hamda sug‘urta polislarini yashirin ravishda talon-toroj qilganligini bayon qilgan.

Bundan tashqari, tuman IIBga Bulung‘ur tumani Bedana mahallasida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan S.A. ariza bilan murojaat qilib, shu kuni soat 21:00 larda Bulung‘ur tumani Sohibkor mahallasi hududida o‘ziga tegishli bo‘lgan “Damas” rusumli avtomashinani oynasini ochiq holatda qarovsiz qoldirib ketgan vaqtida, noma’lum shaxs avtomashina eshigini ochib, mashina salonida bo‘lgan bahosi 1.600.000 so‘mlik “Redmi-8” rusumli telefon apparatini yashirin ravishda talon-toroj qilganligi, ushbu noma’lum shaxsni aniqlab, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Bulung‘ur tuman IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, mazkur o‘g‘irlik Bulung‘ur tumani Oqtosh mahallasida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan R.S. tomonidan sodir qilinganligi aniqlanib, undan bir dona “Redmi-8” rusumli telefon apparati va 100.000 so‘m pullar xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olindi.

Mazkur holat yuzasidan Bulung‘ur tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar berdi Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.