Bulung‘urda yer maydonini 300 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan fermer qo‘lga olindi

Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasiga fuqaro Z.A. ariza bilan murojaat qilib, Bulung‘ur tumani Fozil Yo‘ldosh nomli mahallada yashovchi fermer xo‘jaligi boshlig‘i bo‘lib ishlovchi “M” ismli shaxs o‘zining fermer xo‘jaligiga qarashli yer maydonidan unga baliqchilik bilan shug‘ullanishi uchun 20 gektar yer maydonini 300 million so‘mga sotishga kelishib, oldindan 50 million so‘m miqdordagi pullarni talab qilganligini ma’lum qilib, “M” ismli shaxsga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur arizaga asosan Samarqand viloyat IIB jinoyat-qidiruv boshqarmasi korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Bulung‘ur tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1960 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, oliy ma’lumotli, M.A. xizmat mavqeidan foydalanib ariza muallifi Z.A. dan  300 million so‘mdan 50 million so‘m miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Bulung‘ur tuman ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan M.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.