Bulung‘urda hokim faol yoshlarni taqdirladi

Shu kunlarda viloyatning barcha shahar va tumanlarida rahbar va yoshlar uchrashuvlari o‘tkazilmoqda. Bulung‘urda ham tuman hokimi Samandar Astonov yoshlar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda turli yo‘nalishlar bo‘yicha muvaffqaiyatlarga erishayotgan yoshlar, ularga yaqindan ko‘mak berayotgan yetakchilar, mas’ullar taqdirlandi.

Xususan, tuman hokimi stipendiyasi uchun to‘rtinchi bor o‘tkazilgan fan olimpiadasining 13 nafar g‘olibiga bir million so‘mdan pul mukofoti topshirildi.

Shuningdek, fan olimpiadasining viloyat bosqichi g‘oliblari bo‘lgan 10 nafar, “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti uchun o‘tkazilgan tanlovning viloyat bosqichida yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan 3 nafar yoshlar ham taqdirlandi. O‘tayotgan yil davomidagi faoliyati natijadorligi yuqori baholangan 8 nafar yoshlar yetakchisiga, bundan tashqari yoshlar bilan ishlashda jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan 5 nafar nuroniyga tuman hokimligi hamda Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

To‘lqin SIDDIQOV,

Abbos JABBOROV (foto).