Bulung‘urda moliya va XTB maktab sinflarini noo‘rin qisqartirgan

Bunda albatta, byudjet mablag‘lari sarfini kamaytirish ko‘zda tutilgan. Biroq bu orqali sanitariya-epidemiologiya qoidalari buzilgan...

Voqea tuman xalq ta’limi bo‘limining 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabida sinflarning qisqarishi bilan bog‘liq masalada amaliy yordam berishni so‘rab yozgan xati o‘rganishdan boshlandi.

Aniqlanishicha, tuman moliya bo‘limi va xalq ta’limi bo‘limining 2019 yil 20 sentyabrdagi qo‘shma buyrug‘ida 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 1 ta 2-sinf va 1 ta 4-sinfni qisqartirish nazarda tutilgan. Shu asosda maktab direktorining 2019 yil 2 noyabrdagi 2“b”-sinfni qisqartirish to‘g‘risida 11-sonli buyrug‘i qabul qilingan. Biroq ushbu buyruq maktab direktorining 2019 yil 9 dekabrdagi 13-sonli buyrug‘i bilan bekor qilinib, 2“g”-sinf qisqartirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida”gi nizomning 28-bandida belgilangan me’yorlar bo‘yicha tegishli maydonga ega bo‘lgan umumta’lim muassasasining sinflari to‘liqligi 35 nafardan ortib ketishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

2-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 104 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan 4 ta 2-sinf 3 ta sinfga, 138 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan 5 ta 4-sinf 4 ta sinfga birlashtirilishi sabab har bir sinfdagi o‘quvchilar soni 35 nafardan ortiq bo‘lmagan miqdorda tashkil etilgan.

Biroq sinflarning qisqartirilishida belgilangan me’yorlar bo‘yicha tegishli maydonga ega bo‘lishi lozimligi talabiga rioya etilmagan.

Xususan, tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi ma’lumotida mazkur sinfxonalarda bir nafar o‘quvchiga 1,3-1,4 kvadrat metr maydon to‘g‘ri kelishi va sinfxonalardagi jihozlarning zich joylashishi sanitariya-epidemiologiya talablariga mos kelmasligi bayon etilgan.

Vaholanki, umumta’lim maktablarida o‘qitish shartlari va tashkilot uchun sanitariya-epidemiologiya qoidalari (SanPiN № 0341-16)ga ko‘ra, sinf xonalarida har bir o‘quvchi uchun 2 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan maydon bo‘lishi lozimligi qayd etilgan.

Shunga asosan, Bulung‘ur tumani moliya hamda xalq ta’limi bo‘limlari va 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi.

Natijada, moliya hamda xalq ta’limi bo‘limining 2019 yil 20 sentyabrdagi qo‘shma buyrug‘ida 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 1 ta 2-sinf va 1 ta 4-sinfni qisqartirish qismi hamda maktab direktorining tegishli buyruqlari bekor qilinib, qisqartirilgan sinflar tiklanishi ta’minlandi.

S.MAJIDOV,

Bulung‘ur tumani adliya bo‘limi bosh maslahatchisi.