Bulung‘urda muammolar ko‘p. Ular qanday bartaraf etilyapti?

Ayni kunlarda joylarda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi sessiyalari o‘tkazilmoqda. Ularda hokimlar aholiga yillik hisobot bermoqda va murojaat yo‘llamoqda.
Jumladan, bugun Bulung‘ur tumani kengashining 48-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda sektor rahbarlari, deputatlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiyada tuman hokimi Bahodir Bahromovning Bulung‘ur tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivolantirish yuzasidan 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar yakunlari hamda 2022 yilgi vazifalar yuzasidan tuman aholisiga murojaati tinglandi.
Yil yakunlariga bag‘ishlangan murojaatda eng muhim jihat – aholini ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirishga keng o‘rin berilgan.
Xususan, bugungi kunda tumanda 11 oy yakuni bilan 398 ta yangi kichik biznes sub’yektlari tashkil etilib, besh yuzdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Tijorat banklari tomonidan 2021 yilda aholining bandligini ta’minlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy dasturlarga jami 34 milliard 338 million so‘m imtiyozli kreditlar ajratilgan.
Tumanda aholini ish bilan ta’minlash dasturi bo‘yicha yil davomida 3 ming 638 nafar ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlangan. 73 ta hududiy investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga 511 ta, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hisobiga 145 ta, yangi kichik korxona va mikrofirmalar tashkil etish hisobiga 1194 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Tumanda aholini doimiy turarjoy bilan ta’minlash maqsadida zamonaviy massivlar bunyod etilyapti. Tumanning Olmazor mahallasidagi G‘o‘bdin massividan beshta 5 qavatli 100 ta xonadonli turarjoy binolari qurilishi uchun 16 milliard 161 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
2022-2024 yillarda 28 gektar yer maydonida 53 ta 5 qavatli 20 xonadondan iborat 1030 ta xonadonga mo‘ljallangan turarjoy binolari qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ushbu massivda 3 ta 400 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, ikkita 2112 o‘rinli umumta’lim maktabi, 110 o‘rinli mehmonxona, istirohat bog‘i, poliklinika, 5 ta sport kompleksi, kovorking markazi, jome masjid hamda 5 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlari quriladi. Albatta, ushbu yangi shaharcha tuman aholisining turarjoyga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirshda muhim o‘rin tutadi, qolaversa, bu hududda yangi ish o‘rinlariga imkoniyat yaratadi.
Sessiya so‘nggida tuman hokimi ishtirokida ommaviy axborot vositalari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda jurnalistlar va yig‘ilish ishtirokchilari tumanda tabiiy gaz muammosi, bozor hududidagi doimiy tartibsiz, besaranjomlik va ayrim markaziy ko‘chalardagi tirbandliklar yuzasidan savollar berdi.
Tuman hokimining ta’kidlashicha, bu kabi holatlar rejali bartaraf etilyapti. Sanab o‘tilgan muammolar yechimi bo‘yicha mutaxassis va mas’ullar ish olib boryapti.