Bulung‘urda tibbiy buyumlar ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
Tuman hokimligi axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, bu borada bir qator loyihalar ishlab chiqilgan.
Xususan, “Medikal najot” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan xususiy tibbiy xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish maqsadida 4 qavatli bino qurilgan. Bu yerga Janubiy Koreyadan keltiriladigan 400 ming dollarlik zamonaviy laboratoriya, diagnostika, kompyuter tamografiya uskunalari o‘rnatiladi.
Tibbiy markazda 50 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Umumiy quvvati 60 o‘ringa mo‘ljallangan xususiy shifoxonada oddiy va lyuks xonalar tashkil etiladi.
Qayd etilishicha, tumanda yetishmaydigan mutaxassislar Samarqand shahridan shartnoma asosida jalb etiladi. Markazda shuningdek, xorijda tajriba orttirgan kardiolog, nevroxirurg singari yuqori malakali shifokorlar ish olib boradi.
Shuningdek, “Bulung‘ur medservis” oilaviy korxonasida mebel va shifoxona jihozlari tayyorlanyapti. Yangi loyihaga ko‘ra, bu yerda bel grijasidan keyin taqib yuriladigan uskuna ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.