Bulung‘urdagi Mingchinor mahallasida deputat ko‘magi bilan 5 ta yangi ish o‘rni yaratildi

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Feruz Nasrullayev partiya viloyat kengashi xodimlari hamkorligida Bulung‘ur tumanidagi Mingchinor mahallasi aholisi bilan doimiy muloqotda bo‘lib kelmoqda.

Avvalgi muloqotlar chog‘ida mahalla raisi Saodat Allayorova hududda tikuvchilik, novvoyxona, pishiriq sexi, ayollar go‘zallik saloni, erkaklar sartaroshxonasi hamda yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha o‘quv markazi tashkil etishga ehtiyoj borligini aytgan edi. Buning uchun mahallada qo‘shimcha xonalar borligi, biroq juda ta’mirtalabligini bildirgandi.

Feruz Nasrullayev mazkur tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, mahalla markazidagi 1 ta xonani to‘liq ta’mirladi va tikuvchilikni yo‘lga qo‘yish uchun 4 ta tikuv mashinasi olib berdi. Natijada mahallada “Ayollar daftari”ga kirgan 5 nafar ishsiz xotin-qizlar doimiy ish bilan ta’minlandi.