Bulung‘urdagi qo‘shma korxonalar qachon to‘liq quvvat bilan ishlaydi?

Bulung‘ur tumanida tashkil etilgan press-tur tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutasaddilarining jurnalistlarning shu va shunga o‘xshash savollariga javob berish bilan boshlandi.
- Tumanimiz meva-sabzavotchilikka, bog‘dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashtirilganligi sababli asosan yerlarimizda mo‘l hosil yetishtirish uchun ko‘p suv talab qiladi, - deydi tuman hokimi o‘rinbosari A.Rizayev. – Joriy yilda suv kam bo‘lishiga qaramasdan hosildorlikni oshirishga harakat qildik. Tajribali dehqonlarimizning maslahatlariga amal qilgan holda to‘qsonbosti ekinlarni ko‘paytirdik, jumladan, kam suv talab qiladigan ko‘chatlarni tanlab ekdik. Kartoshka, sabzi, karam, piyoz kabi sabzavotlar ekilgan hududlarga suv nasoslaridan foydalandik. Natijada bu yil 4121 gektarga sabzavot, 2866 gektarga kartoshka, 76 gektarga poliz, 546 gektarga dukkakli va 137 gektar moyli ekinlar ekildi.
Ta’kidlandiki, joriy yilda tumanning birgina qishloq xo‘jaligi sohasida 2 trillion 442 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. 3675 nafar yoshga dehqonchilik qilishlari uchun 918 gektar yer maydoni ajratildi. Ularning 51 nafariga 89 million so‘mlik urug‘ va ko‘chatlar olib berildi. Hududiy investitsiya dasturlari doirasida umumiy qiymati 279,1 milliard so‘mlik 70 ta loyihani amalga oshirish va 579 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan edi. Biroq o‘tgan davrda 80 milliard so‘mlik 23 ta loyiha ishga tushirilib, 154 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Jumladan, "Bulung‘ur eksport import" MChJning 15,5 milliard so‘mlik ozuqa yem mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi ishga tushirilib, 30 ta, "Samarkand mevalari" MChJning muzlatkichli omborxonasida 20 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Shuningdek, tadbir davomida OAV vakillari 400 nafar mavsumiy, 150 nafar doimiy ishchilar mehnat qiladigan “Bulung‘ur-Sandvik” qo‘shma korxonasida bo‘lib u yerdagi ishlar bilan tanishdi. Korxonada bulg‘or shirin qalampiri, qizil lavlagi, sabzi, lukpari, gulkaram kabi 20 turdagi sabzavotlar quritilib, Xitoy, AQSh, Kanada, Germaniya, Rossiya kabi 18 ta xorijiy davlatga eksport qilinadi.
- Joriy yilda 15 ming tonna turli quritilgan mahsulotlarni tayyorlab xorijga jo‘natdik, - deydi korxona bosh muhandisi Isroil Azizov. - Biroq shu yili qurg‘oqchilik kelgani sababli qishloq xo‘jalik mahsulotlari nisbatan kam tayyorlandi. Jumladan, o‘zimizda kam yetishtirilgan qizil sabzini surxondaryolik fermerlardan xarid qilishga majbur bo‘ldik. Agar to‘liq quvvat bilan ishlasak, ham mahsulotimiz 40 ming tonnadan oshadi, ham yana yuzlab ishsizlarni ish bilan ta’minlaymiz.
Yangi tashkil etilgan «Metin frukt» MChJ qishloq xo‘jalik mahsulotlarini muzlatkichlarda saqlash bilan shug‘ullanadi. 6 ming tonna mahsulotni saqlash imkoni bo‘lgan mazkur korxonada hozirda ming tonna banan, apelsin, olma kabi mevalar va 2 ming tonna kartoshka saqlanmoqda.
- Zamonaviy sovutish uskunalariga ega muzlatkichlarimizda fermerlarimizdan xarid qilgan mahsulotlar xuddi daraxtdan uzilgandek saqlanmoqda, - deydi korxona rahbari Ravshan Karimov. – Yangi yil bayrami arafasida nafaqat tumanimiz, balki viloyatimiz aholisi dasturxoniga ham sarxil meva va sabzavotlarni yetkazish taraddudini ko‘ryapmiz.
Dilmurod TO‘XTAYeV.