Bulung‘urdagi YPX maskanida bir tonnadan ziyod iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlari to‘xtatib qolindi
Kecha, 1avgust kuni Samarqand viloyati IIB hamda Davlat veterinariya xizmati xodimlari tomonidan Bulung‘ur tumanida joylashgan “Yuqori nuqta” YPX maskanida “Samarqand-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan 1998-yilda tug‘ilgan X.Sh. boshqaruvidagi ISUZU rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib tekshirilgan.
Avtomashina yukxonasida veterinariya-sanitariya talablariga zid ravishda biror-bir xujjatlarsiz olib ketilayotgan 1100 kg. go‘sht mahsuloti borligi aniqlangan.
Ushbu go‘sht mahsulotlarini iste’molga yaroqliligini tekshirish maqsadida Bulung‘ur tumani hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat xavfsizligi davlat markaziga olib borilib, namunalar olib tekshirilganda iste’molga yaroqsizligi aniqlangan.
Yaroqsiz go‘sht mahsulotlari tegishli tartibda yo‘q qilinib, hozirda haydovchiga nisbatan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.