Bulung‘urlik bokschi qiz jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdi

Avval xabar qilganimizdek, 13-23 aprel kunlari Polshaning Kelse shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston qizlar va yigitlar terma jamoasi 18 nafar bokschi bilan (10 nafar o‘g‘il bola, 8 nafar qiz) ishtirok etdi. O‘tkazilgan janglar yakuniga ko‘ra, terma jamoamiz bokschilari O‘zbekistonga 10 ta medal bilan qaytishdi.

Unda ishtixonlik Nigina O‘ktamova oltin medalni qo‘lga kiritib, jahon chempioni bo‘lgani, O‘zbekiston boks federatsiyasi avtomobil, tuman hokimligi qimmatbaho sovg‘a va ikki xonali uyning birinchi to‘lovi chekini topshirgani haqida xabar bergandik.

Chempionatning qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan bahslarida -57 kilogramm vaznda ringga chiqqan Bulung‘ur farzandi Sitora Turdibekova ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Jahon chempionatida tarixiy natija qayd etgan bokschilarimiz O‘zbekistonda tantanali kutib olindi.

Bulung‘ur tumani hokimligi yaqin kunlarda Sitora Turdibekovaga sovg‘alar topshirilishini ma’lum qilgan.