Bulung‘urlik fuqaro uyda o‘tirsa-da, karantin qoidalarini buzdi va javobgarlikka tortildi
Bugun o‘rnatilgan karantin qoidalariga qat’iy amal qilish, maqsadsiz ko‘chaga chiqmaslik yurtimizning har bir fuqarosining burchi. Bunda fuqarolar nafaqat o‘z sog‘lig‘ini asraydi, balki keng tarqalayotgan koronavirus infeksiyasini jilovlashga hissa qo‘shadi.
Biroq huquqbuzar I.A ushbu qoidalarga pisand qilmasdan kecha, 21 aprel kuni soat 7:30 da o‘zining yashash xonadonida spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast holatda janjal ko‘targan. Bundan qo‘rqib ketgan qizi E.S. profilaktika ispektorini chaqirgan va bundan xabar topgan ota ko‘chaga qochib chiqib, Bulung‘ur tumani, Isori O‘roqli mahallasida karantin qoidalariga rioya qilmasdan, niqobsiz, mast holda yurganda IIB xodimlari undan surishtiruv ishlari olib borgan. Lekin fuqaro qonuniy talablarni bajarmay, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, baqir-chaqir qilib, IIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan.
Bulung‘ur tumani ma’muriy sudi raisi Sh.Tuxtayev tomonidan huquqbuzar A.I.ga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 54-moddasi 1-qismi, 183-moddasi va 194-moddasi 2-qismi bilan, shuningdek, muqaddam ushbu toifadagi huquqbuzarliklarni sodir qilgani uchun jazolangan bo‘lsa-da, o‘ziga tegishli xulosa chiqarmaganligini inobatga olib, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.