Bulung‘urlik o‘qituvchi maktabda qo‘shmachilik bilan shug‘ullangani uchun jazolandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tumani sudining 2019 yil 13 dekabr kungi hukmiga ko‘ra, Asadulla Eshnazarov (ism va familiyalar shartli) Jinoyat kodeksining 131-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 250 soat majburiy jamoat ishlari jazosi tayinlandi.

Bulung‘ur tumanidagi maktabda 1992 yildan buyon chizmachilik fani o‘qituvchisi vazifasida ishlab kelayotgan Asadulla qaysi aybi uchun bunday jazoga loyiq topildi? Voqelikni eshitib yoqa ushlaysiz, o‘qituvchi degan nomga dog‘ tushirgan bu insondan nafratlanasiz, holat shu darajaga yetib borishiga sabab bo‘lgan omillar haqida o‘ylay boshlaysiz.

Ma’lum bo‘lishicha, Bulung‘ur tumani IIBga fuqarolar ariza bilan murojaat qilib, A.Eshnazarov maktabda o‘qituvchi vazifasida ishlab, maktab binosida pul evaziga fuqarolarga jinsiy aloqa qilishlari uchun sharoit yaratib berayotganligi, bu yoshlar ongini zaharlab, ularning ma’naviyatiga salbiy ta’sir qilayotganligi sababli unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Murojaatga asosan tuman IIB JQB tezkor vakili tadbir rejalashtirib, unga Sanjar, Aziza va Sevaralarni jalb qilgan. Rejaga asosan Sevara A.Eshnazarovga qo‘ng‘iroq qilib, tanishlari uchun maktab binosidan joy qilib berishini so‘raydi. Xizmat haqi 100 ming so‘m bo‘lishini va kechki payt 18:30 dan so‘ng maktabga kelishlari mumkinligini aytadi.

Tadbir ishtirokchilari maktabga yetib kelishganida, A.Eshnazarov kelishilgan pulni olgach, Sanjar va Azizani boshlang‘ich sinflar o‘qiydigan xonaga boshlab kiradi. Asadulla Eshnazarov maktab qorovulxonasiga qaytib, Sevarani ko‘nglini olmoqchi bo‘lganda, Bulung‘ur tumani IIB JQB tezkor vakili tomonidan qo‘lga olinib, u olgan noqonuniy pullar hujjatlashtiriladi.

Qo‘shmachilik ortidan pul ishlashni maqsad qilgan o‘qituvchiga qilmishi uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tumani sudi 250 soat majburiy jamoat ishlari jazosi tayinladi.

Shuningdek, viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga barcha maktab direktorlari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish tashkil etib, mazkur turdagi jinoyatlarning kelib chiqish sababini muhokama qilish, ularning oldini olish bo‘yicha chora-tadbir ko‘rish va muhokama qilish haqida ajrim chiqardi.

X.KELDIYaROVA,

jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tumani sudi sudyasi.