Bulung‘urlik tadbirkorga 80 million so‘mlik tijorat krediti ajratiladigan bo‘ldi

Bulung‘ur tumanidagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasiga joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 103 ta tadbirkorlik sub’yektlari va jismoniy shaxslardan murojaatlar kelib tushdi.

Ushbu murojaatlarning 72 tasi tuman qabulxonasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinib, 70 ta masala hal etilgan.

Jumladan, tumandagi “Large Ordered” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Xurshida Rahmonova ATB “Mikrokreditbank”ning Bulung‘ur tumani bo‘limidan tijorat krediti ololmagan. U bu haqda tumandagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasiga murojaat qilgan. Ushbu masala qabulxona tomonidan tegishli bank mas’ullari ishtirokida ko‘rib chiqilib, mazkur tadbirkorlik sub’yektiga faoliyatini kengaytirishi uchun bank tomonidan 80 million so‘m miqdorida tijorat krediti ajratib beriladigan bo‘ldi.

Shuningdek, tumanning Bog‘bon mahallasi hududidagi “Omad sari yo‘l” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Oybek Baxriyev “Yoshlar mehnat guzari” qurish va chorva mollari boqish maqsadida bino qurish uchun yer ajratishni so‘ragan. Bu boradagi murojaat yuzasidan tadbirkorga tuman hokimligi bilan hamkorlikda tuman hududidan yer ajratib berishga qaror qilindi.

F.PIRIMQULOV,

Bulung‘ur tumanidagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi mudiri v.b.