Bulung‘urlik tadbirkorlar mahsulotlarini uch qit’aga sotyapti

Joriy yil Samarqand viloyati tadbirkorlari tomonidan ishlab chiqarilgan 900 million dollarlik mahsulotni xorijga eksport qilish rejalashtirilgan. Yilning birinchi yarmida 450 million dollardan ortiq sanoat va meva-sabzavot mahsulotlari eksportga chiqarilishi belgilangan.

Bulung‘ur tumani hokimligi investitsiyalar sanoat va savdoni rivojlantirish bo‘limi tomonidan uyushtirilgan press-turda tuman hokimining o‘rinbosari Shavkat Razzoqovning ma’lumot berishicha, 2023 yilda 22 ta korxona tomonidan 13 ta davlatga 49 turdagi 16,2 million dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilgan. Joriy yilda 3,6 million dollarlik sanoat, 20,3 million dollarlik qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksportga chiqarilishi rejalashtirilgan. 

Yanvar-may oylarida tumandan 6 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Eksport tarkibi 177 ming dollarlik sanoat va 5,7 million dollarlik meva-sabzavot ulushiga to‘g‘ri kelgan. 

Tumandagi yirik eksportyor korxonalardan biri “Bulung‘ur Sandvik” MChJ qo‘shma korxonasi asosan sabzavot mahsulotlarini quritish, qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanadi. 

-  Korxonamizda yiliga 8 turdagi 40 ming tonna qishloq xo‘jalik mahsuloti 10 bosqichdan o‘tib qayta ishlanadi, - deydi jamiyat ish yurituvchisi Abbos Mo‘minov. – Qayta ishlangan mahsulot AQSh, Germaniya, Kanada, Fransiya, Rossiya, MDH davlatlari va Eronga eksport qilinadi. Hozirda korxonada Italiyadan keltirilgan uskunalar yordamida ish olib borilmoqda. Lekin vaqt o‘tishi bilan har qanday uskunani zamonaviysiga almashtirish ehtiyoji paydo bo‘ladi. Hozir korxonada bir oyda 655,2 million so‘mlik 728 ming kVt soat, yiliga 4 milliard 320 million so‘mlik 4,8 million kVt soat  elektr energiyasi, mavsum davrida 945 million so‘mlik 1 million kub, yiliga 7 million kubdan ortiq tabiiy gaz sarflanadi. Endilikda bu xarajatlarni kamaytirish maqsadida “Turonbank”ning 295 ming dollarlik krediti hisobiga Turkiyadan zamonaviy bug‘ qozoni olib kelindi. Buning natijasida oyiga 60 ming kub, yiliga 360 ming kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

Tumandagi yana bir korxona - “Frutsland eksport” MChJ yiliga 1 million dollarlik 1-1,5 ming tonna mevani quritish, qayta ishlash va to‘liq eksport qilish bilan shug‘ullanadi. 

- Korxonamiz 2022 yilda “Kildon” kichik sanoat zonasi hududida tashkil etilgan, - deydi jamiyat rahbari Oybek Burxonov. – Tasarrufimizda 20 gektar uzumzor bor. Qolgan mevani Sirdaryo, Jizzax, Toshkent va vodiy viloyatlaridan olib kelib, 4 bosqichda qayta ishlangan mahsulotlarni, asosan Rossiya va Ukrainaga eksport qilamiz. Jami 15-20 turdagi mahsulotni qayta ishlaymiz, ammo eng ko‘p talab Rossiyadan mayiz mahsulotiga bo‘lyapti. Joriy yil boshidan buyon 500 tonna mahsulot eksport qildik. Yil yakunigacha Moldovadan mevani danagidan ajratadigan uskuna olib kelish va mahsulot hajmini oshirishni rejalashtiryapmiz. 

O‘ktam Xudoyberdiyev.