Buxoriy, Termiziy, Beruniy, Ibn Sino kabi allomalarni yetishtirib beradigan onalarimiz bormi?

Har bir buyuk shaxs ortida buyuk ona turadi, degan haqiqat mavjud. Bunga misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin. Ilmning qaysi sohasini olib qaramang, shu sohada yetishib chiqqan olimlarning yaxshi ustozlardan tashqari dastlabki ta’lim-tarbiyani onalaridan olishganini guvohi bo‘lamiz. Umuman, oilada farzand tarbiyasida onaning o‘rni beqiyosdir.

“Erkak kishi ko‘chaning odami”, deyishadi. Tabiiyki, oiladagi farzand tarbiyasining asosiy og‘irligi onaning zimmasiga tushadi. Ana shunda onalarimiz qanchalar tarbiyali, ilmli, dono, mehribon va sabrli bo‘lsalar,  farzandlarimiz shunchalik aqlli, bilimli, dono va sog‘lom bo‘lib o‘sadilar. Albatta bunda asosiy og‘irlikni onalarga yuklamagan holda, ularning oilada farzand tarbiyasidagi o‘rni beqiyosligini aytib o‘tmoqchimiz.

Elektr chiroqni kashf qilgan Tomas Edison bolaligida maktabdan kelib onasiga ustoz berib yuborgan maktubni tutqazdi va “Buni o‘qituvchimiz sizga berib yubordi”, dedi. Ona maktubni o‘qir ekan, ko‘zidan yosh oqdi. Bundan xijolat yosh Tomas xavotirga tushib yig‘ining sababini so‘radi. Onasi mehribonlik ila javob berdi: “Sening kuchli qobiliyating bor ekan. Mana eshit: “O‘g‘lingiz o‘ta iqtidorli, maktab unga va uning qobiliyatiga torlik qiladi. Shuning uchun o‘g‘lingiz uyida ta’lim ola qolsin!”.

Shunday qilib, Edison o‘z uyida onasidan ta’lim-tarbiya ola boshladi. Oradan yillar o‘tdi. U lampochkani ixtiro qildi. Vaqti-soati yetib onasi vafot etdi. Onasining vafotidan keyin olim onasining narsalari turadigan javondan maktub topib oldi. Ancha yil o‘tgan bo‘lsa-da, maktubni darrov tanidi. Bu o‘sha – maktabdagi ustozi yozib bergan maktub edi. Bir zum tarix og‘ushida qolgan Edison xatni o‘z ko‘zi bilan o‘qiy boshladi. Unda bunday deb yozilgan edi: “O‘g‘lingiz o‘ta beaql va qobiliyatsiz bola. Ertadan boshlab maktabga kelmasin!”. Edison ancha vaqtgacha yig‘isini to‘xtata olmadi. So‘ng xotiralar daftariga quyidagi so‘zlarni bitib quydi: “Edison haqiqatan kalta fahm bola edi, biroq onasining go‘zal tarbiyasi sababli iste’dod sohibiga aylandi”.

Ammo, hozirda ahvolimiz qay darajada? Buxoriy, Termiziy, Beruniy, Ibn Sino kabi allomalarni yetishtirib beradigan onalarimiz bormi? Yo‘q bo‘lsa, nega? Ona tarbiyasida nimalarga amal qilishimiz lozim? Qay o‘rinlarda xato qilayapmiz? Nimalarga e’tibor berishimiz lozim? Savollar ko‘p. Bu savollarga javob berish, yechimlarni izlash esa hammamizning muammomiz bo‘lishi kerak. Bu yerda ayollar ustidan rahbar qilib tayinlangan erkaklar zimmasiga zalvorli, mashaqqatli mehnat tushadi, albatta. Chunki hozirgi holatimiz shunday. Masalan, aksariyat aholisi o‘zini musulmon deb hisoblaydigan mamlakatimizda ayol-qizlarning ochiq-sochiq kiyinishi, g‘arbga taqlid qilishi haqida ko‘p gapiriladi. Lekin hozirgacha bu muammo bo‘yicha biror yechim, taklif yoki kattaroq ish qilinganligini hozircha bilmadik.

Shu o‘rinda buyuk vatandoshimiz Abdulla Avloniyning tarbiya xususida aytgan ushbu so‘zlarini keltirmoqni lozim topdim:

“Emdi ochiq ma’lum bo‘ldiki, tarbiyani tug‘ulgan kundan boshlamak, vujudimizi quvvatlandurmak, fikrimizi nurlandurmak, axloqimizi go‘zallandurmak, zehnimizi ravshanlandurmak lozim ekan. Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur? degan savol keladur. Bu savolga, «birinchi uy tarbiyasi. Bu ona vazifasidur. Ikkinchi, maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur», – deb javob bersak, bir kishi deyurki, «qaysi onalarni aytursiz, bilimsiz, boshi paqmoq, qo‘li to‘qmoq onalarmi? O‘zlarida yo‘q tarbiyani qaydan olib berurlar», der . Mana, bu so‘z kishining yuragini ezar, bag‘rini yondurar. Otasiga nima dersiz, desak , qaysi ota? To‘ychi, uloqchi, bazmchi, do‘mbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bilmagan, ilm uchun bir pulni ko‘zlari qiymagan, zamondan xabarsiz otalarni aytursizmi? Avval o‘zlarini o‘qitmak, tarbiya qilmak lozimdur», – der. Mana bu so‘zni eshitgach, umid qo‘llari qo‘ltuqg‘a urilur”.

Bu nodir so‘zlar hozirda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Yo‘q noto‘g‘ri aytayapsiz, bu gaplar eski zamonda bo‘lgan deb raddiyaga og‘iz juftlamoqchi bo‘lgan opa-singillarimizga aytamizki, bolangizga maktabda berilgan uy vazifalariga nechanchi sinfgacha yordam bera olasiz?

Demak, farzand tarbiyasida, eng avvalo, onalarning tarbiyali, ilmli bo‘lmoqliklari, buning uchun biz ota-onalar yoshlikdan harakat qilishimiz lozimligi kelib chiqmoqda.

Ilm o‘rganishga xotin-qizlarni ham jalb etish kerak. Negaki, jamiyatning yarmini ayollar tashkil etadi. Ularni ilmsiz qoldirish jamiyatni ilmsiz qoldirish demakdir. Mavjud muammolarning yechimlaridan biri ham xotin-qizlarni ilmli qilishdan iboratdir. Chunki kelajak avlod tarbiyasi xotin-qizlarning qanchalik ma’rifatli ekaniga bog‘liq. Ular ilmli bo‘lsa, kelajak avlod ham bilimli bo‘ladi. Ular odobli bo‘lsa, kelajak avlod ham odobli bo‘ladi. Bir odam donishmandning oldiga borib: “Hazrat, mening bir o‘g‘lim va bir qizim bor. Ikkalasini o‘qitishga qurbim yetmaydi, faqat bittasini o‘qitishga imkonim bor, qaysi birini o‘qitay?” deb so‘rabdi. Donishmand unga: “Qizingni o‘qit, chunki u kelajakda farzand tarbiya qiladi. Agar o‘g‘lingni o‘qitsang, bir kishini o‘qitgan bo‘lasan, ammo qizingni o‘qitsang, butun jamiyatni o‘qitgan bo‘lasan”, deb javob bergan ekan.

Gapimiz oxirida shuni aytmoqchimizki, aziz singiljonlar, opalar, onalar ilmli bo‘lishga harakat qilaylik. O‘zimizning o‘zligimizga, o‘zbekligimizga qaytaylik. Ilm olishda, farzand tarbiyasida, ro‘zg‘or tutishda va oilada dinimiz ko‘rsatmalariga, hadislarga amal qilaylik. Ana shunda buyuk ajdodlarimizga munosib avlodlarni tarbiyalay olamiz va ikki dunyo saodatiga erishamiz. Boshqa yo‘l yo‘q!

Alisher Ernazarov.