Buxoro viloyatini mahallabay tizimda rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari bo‘yicha ma’ruza qildi.
–Buxoroning bugungi rivoji ma’qulmi, degan savolga mening javobim: yo‘q. Boshqa viloyatlardagi rivojlanishdan 10 yil orqada qolyapti. Korrupsiya, poraxo‘rlik barham topmayapti. Yalpi hududiy mahsulotda qishloq xo‘jaligi ulushi 50 foiz ekani eski zamondan nishon. Sanoat, xizmat ko‘rsatish, tadbirkorlik bo‘yicha viloyatning imkoniyatlari juda keng. Tuman hokimlari, sektor rahbarlarining dunyoqarashi o‘zgarishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Joylardagi muammo va imkoniyatlarni mahalla darajasida o‘rganish, aholi bandligi va daromadini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi ish tizimi joriy etilishi ta’kidlandi.
– Endi jamiyatimizda boshqacha yo‘nalish bo‘ladi – mahalla katta kuchga aylanadi. Agar mahalla raisi bilimli, fidoyi bo‘lsa, kayfiyat ham, iqtisodiyot ham o‘zgaradi, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu maqsadda viloyatga ishchi guruh yuborilgan, shahar va tumanlarga vazirlik, idora va tijorat banklari rahbarlari biriktirildi.
Mavjud 544 ta mahallaning har biri o‘rganilib, 333 tasi “qoniqarli”, 182 tasi “o‘rta” va 29 tasi “past” rivojlanish toifalariga ajratildi. Aholiga daromad manbai yaratish zaxiralari aniqlangan.
Davlatimiz rahbari ishsizlik muammosiga alohida to‘xtaldi. Yangi ish o‘rinlari ochish va o‘z-o‘zini band qiluvchilarga sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Oilaviy tadbirkorlik, yoshlar biznes loyihalariga 390 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilandi. Har bir tumanda bittadan kasb-hunar maktabi tanlab olinib, uning bazasida monomarkazlar tashkil etiladi, mahallabay o‘rganish natijasi o‘laroq ishsizlar, yoshlar va ayollar talab yuqori kasblarga o‘rgatiladi.
Buxoro viloyatida 2021-2022 yillar uchun umumiy qiymati qariyb 19 trillion so‘m bo‘lgan 713 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. Shundan 555 tasi bu yil amalga oshirilishi, 14 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Xizmat ko‘rsatish sohasi salohiyatini to‘liq ishga solish, jumaladan, ziyorat turizmini yanada rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Jumladan, qadimiy “G‘ijduvon qo‘rg‘oni”ni qayta tiklab, ochiq osmon ostidagi muzey barpo etish, Vobkent tumanida “Shirin” qishlog‘ini etnoturizm maskaniga aylantirish, Peshku tumanining Afshona qishlog‘ida “Ibn Sino zamonasi” majmuasini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Buxoro zardo‘zligi va zargarligi xalqaro festivalini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.
Ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, yangi ta’lim va tibbiyot muassasalari tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Joriy yilda Buxoroda Prezident maktabi faoliyat boshlaydi. Matematika, axborot texnologiyalari, kimyo-biologiya va fizikaga ixtisoslashgan 16 ta maktab tashkil etiladi. Shuningdek, 18 ta maktabni rekonstruksiya qilish belgilangan.
Davlatimiz rahbari yoshlar masalalariga alohida to‘xtaldi.
– Yoshlarda juda ko‘p g‘oya, intilish bor. Ularga sharoit yaratib, yelkadosh bo‘lsak, ular juda katta kuch, qudrat, imkoniyat va kelajak egasi bo‘ladi, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Sessiyada infratuzilmani rivojlantirish, ichimlik suvi va oqova tarmog‘ini yaxshilash, yo‘llar qurish va ta’mirlash bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.