Buxoroda Prezident sovrini uchun o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tadi

8-10 iyun kunlari Buxoroda o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tadi, deb yozmoqda olympic.uz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Bahouddin Naqshband xotirasiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan mazkur musobaqaga “Buxoro” sport majmuasi mezbonlik qiladi.

Ilk bor Buxoroda tashkil qilinayotgan ushbu xalqaro turnirda Hindiston, Italiya, JAR, Meskika, Eron kabi 50 ga yaqin mamlakatdan 100 dan ziyod kurashchilar ishtirok etishi kutilmoqda. Bahslar erkaklar o‘rtasida kurashning barcha vazn toifalarida (-60, -66, -73, 81, 90, -100 va +100) bo‘lib o‘tsa, ayollar o‘rtasida -52 kg, -63 kg va -78 kg vazn toifalarida o‘tkaziladi.

Xalqaro musobaqa katta sovrin jamg‘armasiga ko‘ra unda g‘alaba qozongan kurashchiga 3000, kumush medal egasiga 2000 va bronza medali sohibiga 1000 AQSh dollari miqdorida pul mukofoti beriladi. Musobaqaning tantanali ochilish marosimi 8 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.