Buyuk bobokalonimiz va uning akademiyasi
O‘rta asrlarda Sharqda, keyinchalik G‘arbda ilm-fan rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan qomusiy allomalarimizdan biri Mirzo Ulug‘bek – Muhammad Tarag‘ay o‘z davrida tabiiy va ijtimoiy-gumanitar fanlar integratsiyasi asosida Samarqand akademiyasiga asos solgan.
Biz bejiz gapni akademiyadan boshlamadik. Birinchidan, Mirzo Ulug‘bek asos solgan akademiyaning falsafiy-ilmiy mohiyatini anglash orqali undagi nochiziqli tafakkur elementlarini kashf etamiz va uning akademiyasida fanlararo integrasiya mavjud bo‘lganligining ilmiy asoslarini topamiz. Ikkinchidan, g‘arblik olimlar da’vo qilayotgan aniq va tabiiy fanlar poydevori G‘arbda emas, aynan Markaziy Osiyodan, jumladan, Ulug‘bek akademiyasidan boshlanganini va bu ilmiy haqiqat sobiq ittifoq davrida e’tiborga olinmaganini anglaymiz.
Ko‘pgina adabiyotlar, jumladan, Qori Niyoziy risolalari va boshqa ilmiy adabiyotlarda Mirzo Ulug‘bek astronomiya akademiyasini tashkil etgan olim sifatida ta’riflanadi. Vaholanki, o‘sha davrda nafaqat Samarqand, Markaziy Osiyo va Xurosonda fizika, astronomiya, kimyo, biologiya, geodeziya, geografiya, mantiq, falsafa, matematika, tarix, minerologiya, adabiyot va boshqa dunyoviy hamda diniy ilmlar rivojlandi. Allomaning sa’y-harakati bilan me’moriy san’at va arxitektura sohasi ham jadal sur’atda yuksaldi. Ulug‘bekning buyrug‘i bilan Samarqand shahridagi Ulug‘bek madrasasi, Ulug‘bek rasadxonasi, ShohiZinda ansambli, Buxoro shahri va G‘ijduvon tumanidagi Ulug‘bek madrasalari, Shahrisabzdagi Ulug‘bek masjidi va boshqa me’moriy san’atning nodir namunalari bunyod etilgani akademiya ilmiy Kengashining mahsuli edi. Shu nuqtai nazardan Mirzo Ulug‘bek an’anaviy fikrlardan yuqoriroq - nochiziqli va fraktal tafakkur egasi ekanligidan dalolatdir.
U asos solgan ilmiy maktab va uning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasining falsafiy mohiyatini, undagi sinergetik yondashuv va g‘oyalar tahlilidan xulosa qilish kerakki, Mirzo Ulug‘bek nafaqat astronomiya, balki qomusiy bilimlar egasi sifatida Samarqand akademiyasiga va Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib madrasai oliya, ya’ni universitetga asos solgan shaxs hisoblanadi. 1417-1420 yillar orasida hozirgi Registon maydonida o‘z davridagi talabalar va kelajak avlodning ilm olishi maqsadida, katta madrasa binosini qurishga farmon berganini, Ulug‘bek madrasasi qurdirib bitkazilgandan keyin uning ochilish marosimida Mavlono Muhammad Xavofiyni bosh mudarris (rektor) etib tayinlaganini tarixiy manbalardan yaxshi bilamiz.
Ilmiy tadqiqotchilar Mirzo Ulug‘bek ilmiy merosi va u asos solgan akademiyani faqat astronomik jihatlariga ko‘proq urg‘u beradi. Vaholanki, allomaning ilmiy merosi va akademiyasining ilmiy tadqiqotlari faoliyati zamirida falsafa, etika va mantiq ilmlari muhim mavqega ega hisoblanadi. Shuning uchun Samarqand akademiyasi nafaqat astronomiya va aniq fanlar, balki falsafiy-mantiqiy institut ham hisoblanadi. Ulug‘bek akademiyasidagi barcha tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar, kashfiyotlar falsafa va mantiq ilmlari qonuniyatlari asosida amalga oshirilgan. Ammo bu haqda hali-hanuz nafaqat darsliklar, allomaga oid ko‘plab risolalarda ham ilmiy ma’lumotlar mavjud emas.
Bu borada olim M.Olloyorov o‘zining “Mirzo Ulug‘bekning munajjimlik maktabining falsafiy-mantiqiy asoslari” maqolasida shunday yozadi: “Falsafa va mantiq qayd etilgan fanlar yo‘nalishida olib borilgan fundamental tadqiqotlarda bilish metodi – usuli bo‘lib xizmat qilgan. Shunga ko‘ra, ana shu ikkala fan rivojiga katta e’tibor beriladi va buning natijasi o‘laroq, Ulug‘bek akademiyasi qoshida falsafa-mantiq maktabi yuzaga keladi. Ammo mavjud ilmiy adabiyotlarda ushbu maktabning shakllanishi, uning vakillari haqida deyarli fikr bildirilmaydi va bu borada tadqiqot ishlari olib borilmagan”.
M.Olloyorov fikrining isboti sifatida Mirzo Ulug‘bekning mantiqqa oid qarashlarini ko‘rsatib o‘tadi: “Agar Ulug‘bekning asarlari, xususan, «Ziji Ko‘ragoniy» asari tahlil qilinib qaraladigan bo‘lsa, uning qat’iy mantiqiy metod-usullarga asoslangan holda yozilganligiga ishonch hosil qilish mumkin. Fikrimizning dalili sifatida uning ana shu asaridan birgina xulosaviy muhokama (hukm)ni olib qaraylik: «Agar haqiqatan Yerning quyoshga yuzma-yuz bo‘lib turishi kechasi yoki kunning ikkinchi yarmida, aniqrog‘i 2 soat-u 20 daqiqa sodir bo‘lsa, shuningdek yuzma-yuz bo‘lish gradusi 120, 281 dan kam bo‘lmasa, unda quyosh tutilishi ro‘y beradi».
Mirzo Ulug‘bek va uning akademiyasi ilmiy yutug‘ining yana biri «Ziji Jadidi Ko‘ragoniy» asaridir. Uni falsafiy-ilmiy nuqtai nazardan tahlil qilsak, unda ham biz bugun o‘rganayotgan sinergetik metodologiya asoslari va g‘oyalarini ilg‘ashimiz mumkin. Mutafakkirning o‘z zamonasida rivojlangan texnik vositalarning yo‘qligiga qaramay, 1118 ta yulduzning joylashishi haqidagi «Ziji Jadidi Ko‘ragoniy» asarini yaratdi. Yulduzlarning maxsus katalogini tuzdi.
Olamni yaxlit tarzda kuzatish, uning matematik va astronomik qonuniyatlarini anglash, Quyosh, oy, Yerning harakatlariga qarab, uning xususiyatlarini o‘rganish orqali «Ziji Ko‘ragoniy» asaridan tashqari, Ulug‘bek «Bir darajaning sinusini aniqlash haqida risola” asarini yaratib, aniq va ijtimoiy fanlarni rivojlantirishga hissa qo‘shdi.
Mirzo Ulug‘bek qomusiy olim hisoblanib, u asos solgan akademiya salohiyati va ta’sir etishi jihatidan nafaqat Sharq, balki G‘arbda ilm-fan rivojlanishiga muhim omil bo‘lib xizmat qilgan.
Bahodir Rahmonov,
falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori.