Byudjet kodeksiga o‘zgartirish kiritish lozim

Samarqanddagi nodavlat notijorat tashkilotlari uchun Zoom dasturi orqali o‘quv-seminar o‘tkazildi.

Unda Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi direktori Otabek Husanov, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi ijrochi direktori Nodirbek Ikromov, xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha  jamoat komissiyasi a’zolari ishtirok etdi.

O‘quv-seminarda ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish hamda viloyatdagi NNTlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil etildi. Shu bilan birga jamoat komissiyasi oldida turgan dolzarb vazifalar, NNTlarga grant mablag‘lari, subsidiya va ijtimoiy buyurtma ajratishdagi muammolar yuzasidan so‘z yuritildi. Xususan, xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondini mahalliy byudjetdan moliyalashtirish bo‘yicha Byudjet kodeksida ko‘rsatib o‘tilmagan.

Seminar davomida qator takliflar ham bildirildi. Xususan, NNTlarni qo‘llab-quvvatlovchi xar qanday tashkilotlarga soliq imtiyozlari berilishi, ajratilayotgan grant mablag‘lari, subsidiya va ijtimoiy buyurtmalarni  hududlarning salohiyati, ijtimoiy ko‘rsatkichlarini inobatga olgan holda ajratish NNT xodimlari uchun o‘quv-seminarlar tashkil etish kabi  fikrlar bildirildi.

Yig‘ilish yuzasidan qaror qabul qilinib, takliflar inobatga olinishi, viloyatdagi NNTlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.