Byudjet raqamgina emas
– Muhtaram Yurtboshimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida byudjet hisob-kitoblari aholi va jamiyat manfaatlaridan kelib chiqib shakllantirilishi yuzasidan barchamizga saboq bergandi, – dedi sessiyani boshqargan viloyat hokimi T.Jo‘rayev. – Shu sababli byudjet parametrlariga munosabat o‘zgardi. Uni hayotga yanada yaqinroq, real rejalar va imkoniyatlar asosida qayta ko‘rib chiqdik. Byudjetni shakllantirishda mahalliy kengashlarga bir qator imkoniyat berish barobarida katta mas’uliyat ham yuklandi.
Sessiyada viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Mirzayev kun tartibidagi masala yuzasidan ma’ruza qilish chog‘ida 2018 yil mahalliy byudjetining o‘ziga xos tomonlariga izoh berdi. U bu galgi byudjet mamlakatda faol tadbirkorlikka, barcha jabhalarda innovatsion jarayonni yuzaga keltirishga, soliq tushumlari qamrovini kengaytirishga, mahalliy tushumlar bevosita viloyat ahli manfaatiga xizmat qilishiga yo‘naltirilishini aytib o‘tdi (Ma’ruza matni gazetada chop etilmoqda).
Sessiyada so‘zga chiqqanlar – deputat O.Axtamov, Payariq va Kattaqo‘rg‘on tumanlari hokimlari A.Jo‘rayev, A.Bahromov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i A.Jo‘rayev, xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim boshqarmalari boshliqlari R.Yo‘ldoshev va N.Sa’dinova byudjetning yangi parametrlari keyingi yillarda ijtimoiy sohada yig‘ilib qolgan muammolarni bartaraf etishga imkon berishini ta’kidlashdi. Jumladan, Senat a’zosi A.Jo‘rayev byudjetni to‘la shakllantirish maqsadida uy-joy va mulk solig‘ini undirishda yangicha tartib va qat’iy nazorat o‘rnatish taklifini bildirdi.
Sessiyada Respublika moliya vazirining o‘rinbosari A.Karimov Prezident Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida moliyaviy munosabatlarda joriy etilishi zarur bo‘lgan yangi normalarni tushuntirib berdi.
Sessiyada viloyatning 2018 yilgi byudjeti tasdiqlandi, uning ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq qaror qabul qilindi.
***
Shuningdek, yilning oxirgi kunida barcha shahar va tuman kengashlari sessiyalarida deputatlar mahalliy byudjet parametrlarini qabul qildilar.