Call-centerga 1105 qisqa raqami orqali 500 dan ortiq murojaat tushdi
Koronavirus infeksiyasi aholi orasida keng tarqalishi, koronavirusga chalinganlar o‘z vaqtida tibbiy ko‘rsatma va yordam ololmayotgani keyingi kunlarda ko‘p ta’kidlanmoqda.
Aholini qiziqtirayotgan shu va boshqa masalalar yuzasidan javob berish maqsadida Samarqand davlat tibbiyot instituti qoshida tashkil etilgan call-center xizmati takomillashtirildi. Mazkur maslahat markazi malakali mutaxassislari 1105 raqami orqali fuqarolarga maslahat berib borishi belgilandi.
Dastlab 1105 qisqa raqamiga telefon qildik.
- Samarqand tibbiyot instituti call-center eshitadi.
- Kechirasiz 37.5 daraja isitma ko‘tarilganda qanday maslahatlar berasiz?
- Kuniga ikki bor paratsetamol yoki ibuprafen, virusga qarshi anaferon, ergoferon, arbidol kabi dorilarni, ko‘proq suyuqlik ichishni tavsiya etamiz. Mevalardan ham ko‘proq yeng. Askorbinka tabletkasini kuniga ikki bor iching.
“Rahmat”, deya go‘shakni qo‘ydim.
Samarqand davlat tibbiyot instituti qoshida ko‘ngilli yoshlar va yosh o‘qituvchilar tomonidan pandemiya sharoitida aholi tomonidan koronavirus infeksiyasi borasida paydo bo‘layotgan savollarga javob berish maqsadida joriy yilning aprel oyida 66 233-08-41 telefon raqami orqali 24 soat davomida maslahat berib borish yo‘lga qo‘yilgandi. Bugun bu yerda kecha-kunduz ikki navbatda, har bir navbatda 10 nafardan institutning magistratura va klinik ordinaturasida tahsil oluvchi talabalari hamda 5 nafar o‘qituvchilar jalb qilingan bo‘lib, jami 30 kishidan iborat tarkib ishlamoqda.
- Markazimiz tashkil etilganidan buyon 5000 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, kecha bir kecha-kunduzda 1105 qisqa raqamiga aholining murojaatlari 500 dan oshdi, - deydi SamDTI birinchi ichki kasalliklar kafedrasi katta o‘qituvchisi, ilmiy izlanuvchi Ibrat Ahmedov. – Ko‘rib turganingizdek tinimsiz qo‘ng‘iroqlar bo‘lyapti, barchaga tegishli maslahatlar berishga, kasalliklar bo‘yicha institutimizning professor-o‘qituvchilaridan onlayn maslahat olishga yo‘naltiryapmiz. Shuningdek, institutning 1-klinikasi hududida “Onlayn poliklinika” tashkil etilgan bo‘lib, pandemiya sharoitida aholiga masofadan turib kerakli maslahat va tavsiyalarni bermoqda. Asosan isitma ko‘tarilishi, koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarning gumonlari, surunkali yurak, qandli diabet, siydik kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarda infeksiya alomatlari kuzatilganda kimga murojaat qilish, homilador ayollar, 1 yoshga yetmagan bolalarning onalaridan murojaatlar kelib tushmoqda. Nafaqat viloyatimizdan, balki qo‘shni Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlaridan ham aholi tomonidan murojaatlar bo‘lyapti. Shuningdek, murojaatlarda fuqarolarning vahimaga tushib qolish holatlari ham uchramoqda. Ularga psixologik ko‘mak berish maqsadida markazimizda psixolog maslahati yo‘lga qo‘yildi.
Nasiba JONTO‘RAYeVA,
Husan ELTOYeV olgan suratlar.