Chaqaloq savdosi jinoyat. Ammo u nega ko‘paymoqda?
So‘nggi uch yil mobaynida O‘zbekistonda chaqaloq savdosi bo‘yicha 185 holat aniqlangan. Ushbu jinoyatlarning asosiy sabablari onalarning ijtimoiy-moddiy jihatdan himoyasizligi va nikohsiz bolalar tug‘ilishini yashirish istagi bo‘lgan.
IIV Tergov departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, chaqaloq savdosiga quyidagi omillar sabab bo‘lmoqda:
- bolaning onasi ijtimoiy himoyalanmagani va moddiy ehtiyojlari ta’minlanmaganligi;
- turmushga chiqmagan ayollar homilador ekani hamda chaqaloqni oilasidan yashirishga urinishi;
- farzand ko‘rmagan oilalar tomonidan chaqaloq asrab olishga ehtiyoj mavjudligi;
- chaqaloq savdosining oldini olishga qaratilgan mukammal huquqiy asosning yo‘qligi.
Umuman, 2012 yildan 2020 yilgacha odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar soni 6 barobar kamaygan, ammo chaqaloqlar va bolalar savdosi ulushi o‘sishda davom etmoqda. Masalan, 2012 yilda 574 ta odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat qayd etilgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 94 ta, 2020 yilda esa 74 tagacha kamaygan.
2019 yilda 41 ta, 2020 yilning 11 oyida 34 ta chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar aniqlanib, ko‘rib chiqish uchun sudlarga yuborilgan.
To‘g‘ri, chaqaloqni sotganlarga ham, ularni sotib olganlarga ham, o‘rtada vositachilik qilganlarga ham qonuniy choralar ko‘rilgan. Afsuski, vositachilarning 32 foizi tibbiyot vakillari bo‘lgan.
Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda farzand asrab olishning qiyinligi va bu jarayondagi qog‘ozbozliklar ham chaqaloq savdosi jinoyatlari sonining oshishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, farzand ko‘rmayotgan oilalarning mehribonlik uylaridan farzand asrab olishi juda qiyinligi, vasiylik va homiylik organlari tomonidan ruxsat berish tartibi murakkabligi, ko‘p hujjatlar talab qilinayotganligi va talab qilingan hujjatlar mavjud bo‘lmaganda oilalar farzand sotib olishga majbur bo‘layotganligini ham qayd etish lozim.
Xulosa qilib aytganda, odam savdosi, xususan, chaqaloq savdosining oldini olishda birinchi navbatda mavjud qonunchilikda farzand asrab olish bilan bog‘liq qonun normalarini soddalashtirish, talab qilinadigan hujjatlar sonini qisqartirish hamda farzandlikka olish jarayonini osonlashtirish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, erta nikohning oldini olish, shuningdek bu borada qonunchilikdagi javobgarlikni kuchaytarish lozim bo‘ladi, deb hisoblayman.
F.Samatov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudining raisi.