Chaqmoq saltanati
Venesuelada Katatumvo daryosining Markayba ko‘liga quyilish hududida sirli va juda chiroyli tabiat manzarasi - chaqmoq hodisasi ro‘y berib turadi. Olimlarning kuzatishicha, bu yerda soatiga 300 martagacha yashin chaqnaydi va odatda butun tun bo‘yi davom etadi.
Besh kilometrlar chamasi balandda yorqin osmon yorishishi - chaqmoq paydo bo‘lish belgisi hisoblanadi. Osmon avval qizg‘ish rangga, so‘ngra alvon tusga kiradi, bir necha daqiqadan so‘ng sarg‘ish ko‘rinish oladi. Manzara kishini hayratga solib maftun etadi, shu bilan birga hushyor torttirib, dahshatga tushiradi: chaqmoq chaqish boshlanadi. Na momaqaldiroq, na biror ovoz eshitiladi, rang-barang shakldagi yashin bir yilda 200 martagacha sodir bo‘ladi, eng ajablanarlisi, bu faqat tunda ro‘y beradi.
Noyob tabiat hodisasi paydo bo‘lishi haqida olimlarning fikri har xil. Biri bunga sabab shamol harakati, desa, boshqasi ko‘l tubidan metan sizib chiqishi, uchinchisi “Hudud tuprog‘ida uran ko‘pligi chaqmoq paydo bo‘lishiga olib keladi”, deydi. Uran katta miqdorda ozon hosil qilish manbai hisoblanadi. Hosil bo‘lgan chaqmoq gazi quyosh ultrabinafsha nurlarini o‘tkazuvchi ozon tuynugini yopishga xizmat qiladi.
Ushbu ozonator sirini aniqlash uchun suv tubiga tushirilgan maxsus g‘avvoslar ekspedisiyasi ilmiy kuzatuvlari hozircha natija bergani yo‘q.
T.Shomurodov tayyorladi.