“Chavqi”ning boshqa folklor ansambllaridan farqi nimada?

“Chavqi” so‘zining ma’nosi gulxan atrofida kechasi o‘ynaladigan xalq o‘yini hamda kurash, olish degan ma’nolarni anglatadi.

Bu o‘yin o‘ziga xos etnofolklor hodisasi bo‘lib, xalqning san’atga bo‘lgan talabini ma’lum darajada qondirish bilan birga, kishilarni jamoatchilik ruhida tarbiyalash vazifasini bajargan. O‘yin asrlar davomida Bulung‘ur, Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Payariq, Jomboy va Urgut tumanlarida keng tarqalgan.

Bulung‘ur tuman madaniyat bo‘limiga qarashli “Chavqi” folklor-etnografik ansambli 1986 yilda tashkil etilgan. Xalq ijodiyotining jonkuyari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Suvonqul Abduqodirov “Chavqi”ning qadimiy qo‘shiqlarini yaxshi biladigan keksa kishilar bilan suhbatlashib, ulardan ko‘plab xalq o‘yinlari va qo‘shiqlar, termalarni, lapar va qarsak o‘yinlarini yozib olgan. Chavqining o‘tkazilish tartibi, bir qarsak, uch qarsak, besh qarsaq, yetti qarsak, qo‘shqarsak, mayda qarsak o‘yinlarining turlarini va ijro etish usullari, qo‘shiqlar matniga mos keladigan ohanglarni aniqlagan.

“Chavqi” qarsak bilan boshqariladi

Ansambl jamoasi keyingi yillarda “Yil boshi”, “Dehqon dala aylandi”, “Poda to‘p”, “Sumalak”, “Samarqand bozori”, “Qongtarovdi”, “Chillik”, “Quloq cho‘zma”, “Besh qarsak”, “O‘mbaloq, do‘mbaloq oshib o‘ynaymiz”, “Cho‘pon-cho‘liq podachi”, “Topron” o‘yinlari, “To‘y marosimi” qo‘shiqlari kabi badiiy teatrlashgan maydon tomoshalarini namoyish etib kelmoqda.

– “Chavqi” qadimda odamlar o‘rtasida gulxan atrofidagi aytishuvlar, baytlar va munozaralar tarzida paydo bo‘lgan, – deydi 12-son Sohibkor madaniyat markazi rahbari, “Chavqi” folklor-etnografik ansambli a’zosi Mahmud Ermatov. – “Chavqi”ning ilk jamoasi esa 50 yoshdan 85 yoshgacha bo‘lgan nuroniylar ishtirokida tashkil qilingan. Biroq jamoa Ikkinchi jahon urushi yillarigacha faoliyat ko‘rsatib, tarqalib ketgan. Keyinchalik “Chavqi”ning yangi ikkinchi avlodi tashkil etilgan. O‘sha paytdan beri biz ham ansambl tarkibida ota-bobolarimizdan qolgan folklor namunalarini xalqimizga yetkazib kelyapmiz. Ansamblimizning boshqa folklor namunalari va respublikadagi jamoalaridan farqi shundaki, xalq termalari, laparlar, qo‘shiqlar va aytishuvlar qarsak usullari bilan boshqarilib boriladi. Oldin jamoa repertuarida 300 ga yaqin xalq qo‘shiqlari, laparlar va termalar bo‘lsa, hozirgi kunda 500 dan ortiq xalq og‘zaki ijodi namunalari mazmun va bo‘g‘inlariga qarab bir qarsak, uch qarsak, besh qarsak, yetti qarsak, to‘qqiz qarsak, qo‘shqarsak va mayda qarsak usullarida ijro etib kelinmoqda.

“Xalq maqollari va naqllarini qo‘shiq qilyapmiz”

Ansambl a’zolari keyingi yillarda “Hovijon”,  “Sumalak”, “Gullola”, “Jinaylik”, “Gulqaychi”, “Olmacha anori”, “Keng ekan dalalari”, “Belbog‘im”, “Taralliho”, “Akajonim siz bo‘lasiz”, “Sangina bola”, “Yallama yorim”, “Ac bo‘lib o‘ynang”, “Uynasin”, “Jon chechajon”, “Yomg‘ir”, “Moshova” kabi xalq termalari, qo‘shiqlari, laparlar va xalq o‘yinlari yaratgan.

– Hududlarga, qo‘shni tumanlarga ekspeditsiyalar uyushtirib, yoshi ulug‘ insonlar bilan uchrashib, ularning og‘zidan eshitgan qadimiy maqol va naqllarni to‘plab,  qo‘shiq qilib xalqimizga yetkazyapmiz, – deydi Bulung‘ur tumanidagi “Chavqi” folklor-etnografik ansambli faxriy a’zosi Eshbek Normurodov. – Jumladan, “Hovijon” degan qo‘shiq yaratganmiz. “Hov” – hoy, chaqiriq ma’nosida, “Jon” – shirinsuxanlik bilan murojaat va erkalash sifatida qo‘llanilgan. Bu so‘z qadimda qishloq kelinlarining xonadondagi ayol oila-a’zolarga, qarindoshlari va qo‘ni-qo‘shnilarning ismini aytib chaqirmaslik maqsadida “Havijon” deb murojaat  qilish uchun aytilgan.

Bu qo‘shiqni tumanimizdagi Farmontepa qishlog‘ida yashovchi Zaytun momodan eshitgan “Qizning uyi qizim band, kuning borda kuning qayt, O‘g‘il uyi o‘yin band, o‘n kun yotib keyin qayt” tarbiyaviy ahamiyatga ega maqolini eshitib, yaratganmiz. Buning ma’nosi uch-to‘rtta qiz uzatgan momolarning qiz chiqargan va endi turmushga berayotgan yosh ayollarga nasihati tarzida aytilgan. Ya’ni, qizingnikiga borsang, yotib kelma, borib-qayt. Chunki uning oilasidagi muhitni buzib qo‘yishing mumkin. O‘g‘lingniki bo‘lsa, o‘n kun yotib kelaver, u o‘zingniki.

Hoy hovijon-hovijon, qizing bugun bo‘y etdi,

Palaxmonning toshida baxtli uzalib ketdi.

Qizning uyi qizim band, kuning borda kuning qayt,

O‘g‘il uyi o‘yin band, o‘n kun yotib keyin qayt...

 “Chavqi” badiiy jamoasi 1987 yilda Moskva shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston san’at va madaniyat kunlarida, 1988 yilda shu shaharda o‘tgan xalqaro folklor festivalida faol ishtirok etib, “Xalq folklor jamoasi” unvoniga sazovor bo‘lgan. Ansambl viloyat, respublika doirasidagi va xalqaro festivallarda munosib ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, o‘tgan yil “Ona zamin ohanglari” teletanlovining respublika bosqichida, “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalida ikkinchi o‘rinni egallagan. Shuningdek, jamoa qoshida “Chavqi nihollari” bolalar folklor ansambli tashkil etilgan. Unda tumanning iqtidorli bolalari ota-bobolarimizdan qolgan, og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan qo‘shiqlarni, termalarni o‘rganib kelmoqda.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.