Chet elga chiqish uchun SOVID-19ga chalinmaganlik to‘g‘risida ma’lumotnomani qayerdan olish mumkin?

Chet elga chiquvchi shaxslarga polimer zanjirli reaksiya (PZR) usulida tekshirilgan tahlil natijasi manfiy chiqqanini ko‘rsatuvchi ma’lumotnomalar berish jarayonini yanada soddalashtirish maqsadida qator tibbiyot muassasalariga, xususan, xususiy tibbiyot tashkilotlariga Sog‘liqni saqlash vazirligining ko‘rsatma xati asosida, shuningdek, sanitariya-epidemiologiya-osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining tegishli buyrug‘i bilan xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan berilayotgan ma’lumotnomalar yagona shaklga keltirilmoqda.

Mazkur ma’lumotnomalardan vaqtinchalik foydalaniladi. Ular chegara nazorat punktlariga to‘lov kvitansiyasi bilan birga taqdim etilgandagina haqiqiy hisoblanadi.

SSV matbuot xizmatining xabar berishicha, bu choralar ma’lumotnomalarni soxtalashtirishning oldini olishi bilan ham  ahamiyatli.

Ushbu jarayon bilan parallel ravishda tahlil natijalari bosqichma-bosqich shtrix-kod (QR-kod) orqali o‘qiladigan elektron dasturga o‘tkazib boriladi. Natijalar bo‘yicha ma’lumotlar bazasi Transport vazirligi bilan birgalikda shakllantiriladi.

Koronavirus infeksiyasini PZR usulida tekshirish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tashkilotlari va xususiy tibbiyot tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishda muhim omil bo‘ladi.