Chag‘atoyning hunarli ayollari

Ishtixon tumanidagi Chag‘atoy mahallasi bugun o‘zgarish va taraqqiyot shamollari esib turgan, mehnat va tashabbus samarasini ko‘rsatib berayotgan maskan.
2023-2024 yillarda joriy etilgan “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonlari doirasida mahallaning qiyofasi butkul o‘zgardi. Yo‘llar ravonlashdi, ariq va soylar tozalanib, suv oqimi tiklandi. Kam ta’minlangan qatlam, ishsizlik, maktab va bog‘cha masalalari birma-bir hal etildi.
Obodlik faqatgina binolarning ta’miri yoki yo‘llarning tuzatilishi emas. Bu odamlar hayotining farovonlashishi, ularning o‘z kasbi va hunari bilan shug‘ullanishi, oilasiga naf keltirishi, ayni paytda esa jamiyatga manfaatli shaxsga aylanishidir. Chag‘atoy mahallasida ham aynan shu yo‘l tanlandi. Xotin-qizlarning ish bilan ta’minlanishi, ularga hunar o‘rgatilishi yo‘nalishida ulkan qadamlar qo‘yildi.
Hududda mahalla ehtiyojlaridan kelib chiqib, turli kurslar tashkil etildi. Tikuvchilik, pishiriq tayyorlash, kichik hamshiralik kabi yo‘nalishlarda mutaxassislar ish boshladi. Buning natijasida o‘nlab xotin-qizlar yangi kasb egallab, oilasiga daromad keltira boshladi. Ayniqsa, ayollarning fitnes bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratilishi nafaqat jismoniy, balki ruhiy salomatlik uchun ham katta qadam bo‘ldi.
Bu ezgu ishlarning markazida fidoyi ayollar turibdi. Mahalla xotin-qizlar faoli Gulmira Hamroyeva tashabbusi bilan amalga oshirilgan loyihalar juda ko‘p ayollar hayotini o‘zgartirdi. Tikuvchilikni Sevara Turg‘unova, hamshiralikni Xayriniso Jo‘rayeva va Guli O‘rolova, pishiriq tayyorlashni Barno Xoliqova, fitnesni esa mutaxassislar o‘rgatishga kirishdi. Ularning mehnati va tashabbuslari mahalladagi xotin-qizlarga umid bag‘ishladi.
Quvonarlisi, bu kurslarning aksariyati tekin, hamshiralik yo‘nalishida esa oyiga bor-yo‘g‘i 250 ming so‘m to‘lov belgilangan. Har bir kursga 15 nafardan o‘quvchi qabul qilinib, uch oy davomida ta’lim beriladi. Hozirgacha 60 nafar xotin-qiz yangi kasb egallab, o‘z mustaqil faoliyatini boshladi.
- Biz faqat o‘zimiz uchun emas, farzandlarimiz uchun ham mehnat qilamiz, - deydi Sevara Turg‘unova.
- Bo‘sh vaqtlarimizda bolalarimizga ham hunar o‘rgatamiz, - suhbatga qo‘shiladi Barno Xoliqova.
- Tikuvchilik bo‘lsa, kiyim tikamiz, pishiriq bo‘lsa, dasturxon bezaymiz. Hunarli ayolga hayot doim go‘zal ko‘rinadi.
Obod va farovon hayot - mehnat samarasi. Bu mahalladagi yuksalish, xotin-qizlarning o‘z o‘rnini topishi, har bir xonadonda quvonch va farovonlik bo‘lishi uchun qilingan harakatlar natijasini bermoqda.
Gulzamon AKBAR.