Chigirtka balosi: Unga qarshi qanday kurashiladi?
Avval Samarqand hududida chigirtkaning qishloq xo‘jalik ekinlariga katta zarar yetkazish holatlari juda kam uchragan yoki sezilmagan. Biroq keyingi yillarda iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilikning ortishi tufayli chigirtka ko‘plab hududlarda aekinlarga jiddiy zarar yetkazmoqda.
Misol uchun, bir necha yil oldin viloyatning Nurobod, Qo‘shrabot kabi lalmi hududlarida chigirtka ko‘proq kuzatilardi. Hozir esa Bulung‘ur, Jomboy, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Past Darg‘om, Samarqand tumanlarining tog‘ va tog‘ oldi hududlarida ham chigirtka ko‘paymoqda.
- Viloyat tumanlarining tog‘ va tog‘ oldi yaylovlarida 2025 yil mavsumida zararkunandalar o‘chog‘iga aylanishi mumkin bo‘lgan 71 ming 760 gektar maydonda kuzatuvlar tashkil qilinib, 66 ming gektar maydonda zararli chigirtkalarga qarshi kimyoviy ishlovlar o‘tkazilishi belgilangan, - deydi viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi qoshidagi chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, bosh agronom Jamoliddin Abdug‘aniyev. - Shundan Nurobod tumanida 24 ming gektar, Kattaqo‘rg‘on, Bulung‘ur va Jomboyda 3 ming gektardan, Payariqda 12 ming, Samarqand tumanida 1300 gektar, Qo‘shrabot tumanida 14 ming, Ishtixon tumanida 4500 gektarni tashkil qiladi. Hozir kuniga o‘rtacha 1250 gektar maydon zararkunandalardan tozalanmoqda. Issiq va quruq iqlim chigirtkalarning imkonini oshirib yubormoqda.
Viloyatning tog‘ va tog‘ oldi yaylovlarida zararli chigirtkalarning Marokash, voxa chigirtkasi (Italiya prus) kabi turlari ko‘p uchraydi. Unga qarshi kimyoviy ishlovlar o‘tkazish uchun Nurobod, Jomboy, Qo‘shrabot, Payariq tumanlarida 4 ta otryad tashkil qilingan. Ular zararli chigirtkalarga qarshi kimyoviy ishlov o‘tkazish uchun bugungi kunda qo‘l apparatlari, 6 dona "OVX-600", 6 dona "VP-1" purkagichlari va 3 ta "Pikap" avtomashinasiga o‘rnatilgan UMO purkagichlari, 2 dona "ISUZI" 5 tonnalik suv tashish texnikasi jalb qilinib, ishlovlar o‘tkazilmoqda.
Bizda katta tashvish uyg‘otgan holat Qo‘shrabot tumanida kuzatilmoqda. Tumandagi 14 ming gektar maydonga kimyoviy ishlov rejalashtirilib, shundan 5 ming gektari kuzatuvga olingandi. Ammo nazoratdagi maydonlardan bir necha barobar kengroq hududda zararkunanda galalari paydo bo‘ldi.
Nurobod tumanida kuzatuvdagi 24 ming gektar maydonning salkam 19 ming gektarida chigirtka ko‘payishi qayd etildi.
Aslida viloyatimizda chigirtkaning 10 dan ortiq turi uchraydi, lekin asosan tog‘ va tog‘ oldi yaylovlarida chigirtkaning Marokash va Italiya prusi turlariga qarshi kimyoviy ishlovlar o‘tkaziladi. Chunki bu turlar barcha qishloq xo‘jaligi ekinlari va yashil o‘simliklarga katta zarar yetkazadi. Chigirtkaning eng zararlisi, ya’ni biz kimyoviy ishlov o‘tkazadigan Marokash chigirtkalari yilning kelishiga qarab mart oyi oxiri aprel oyi boshlarida tuxumdan chiqadi. Shundan iyun oyi oxirlarigacha hayot kechiradi. Ular faollashishi yilning kelishiga qarab iyun oyining birinchi o‘n kunligidan boshlanib, 7-10 kun davom etadi va ko‘payishiga ob-havoning qulay kelishi ta’sir qiladi.
Ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili viloyat bo‘yicha 13 715 gektar maydon chigirtkadan zararlangan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich allaqachon 70 ming gektarga yetgan. Ayniqsa, chorva mollari boqiladigan maydonlarda zararlanishlar kattaligicha qolmoqda. Lekin shunisi ahamiyatliki, chigirtka soni o‘tgan yilgidan o‘zgarmagan, ya’ni ko‘paymagan. O‘tgan yildan farqli o‘laroq, joriy yilda yog‘ingarchilikning kam bo‘lishi va haroratning isib ketishi, yaylov va dalalarda yashil o‘simliklarning tez qurib qolishi tufayli chigirtkalar ozuqa izlab aholi istiqomat qilayotgan hududlar tomon harakatlanmoqda. Shu bois, chigirtkaga qarshi kurash asnosida aholi orasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ularga hashoratlarga qarshi qo‘llanilayotgan kimyoviy dorilar mutlaqo bepul va odamlarga zararsizligi, birgalikda harakat qilsak chigirtka ekinlarga katta zarar yetkazmasdan oldini olish mumkinligini tushuntirilmoqda.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.