Chigirtka sapyorlik qiladi

Ma’lumki, chigirtka ashaddiy zararkunanda hasharot hisoblanadi. Uni hech kim yoqtirmaydi. Aniqlanishicha, bu ochofat dala zararkunandasi foyda ham keltirishi mumkin ekan.

AQSh harbiy dengiz kuchlari buyurtmasi va moliyalashtirishi bo‘yicha Vashington universiteti bir guruh olimlari tadqiqot o‘tkazdilar. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, chigirtkalar biror bir joyda portlovchi moddalar bor-yo‘qligini hididan bilish qobiliyatiga ega ekan.

- Gap shundaki, chigirtka  mo‘ylabida hid sezuvchi o‘ta sezgir retseptorlar joylashgan, - deydi olimlar. - Mo‘ylabdan elektr signal miyaga keladi. Hasharotning ana shu xususiyati olimlar izlanishiga turtki berdi.

Hasharotni biorobotga aylantirish uchun ular miyaning hid bilish qismiga mitti elektrod kiritdilar. Hasharot tanasiga esa nozik datchik mahkamladilar, u kompyuterga hid bilish neyronlari faolligi haqida axborot uzatadi.

Tajriba chog‘ida maxsus yashirin tirqishlarga turli portlovchi moddalar purkaldi. Kuzatuv shuni ko‘rsatdiki, har xil moddalar miyadagi turli guruh neyronlarni faollashtirdi. Hasharot miyasidagi ushbu reaksiya unga qanday portlovchi modda bor-yo‘qligini, umuman, u havodami, yerdami aniqlash imkonini berar ekan.

Havoda portlovchi moddani aniqlash ehtimoli 80 foizni tashkil etadi. Bu chigirtka uchun yomon ko‘rsatkich emas.

T.MUROD tayyorladi.