«Chin insonni ko‘ngil qo‘yib inson so‘roqlar»

Samarqand viloyat «Zarafshon» gazetasi bir asrdan ziyod tarixiy solnomaga ega. Bu dargohda yuzlab taniqli jurnalistlar, publitsistlar, davlat arboblari, shoir va yozuvchilar ishlagan. 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida ularni xotirlashni lozim topdik.

Samariddin Sirojiddinov nomi ko‘pchilikka tanish. Sirojiy taxallusi bilan she’rlar bitgan jurnalist va shoir 1932 yilda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Kichik ko‘rpa qishlog‘ida tug‘ildi. Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgach, 1970 yillar boshida viloyat “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasi tahririyatiga ishga kelgan, muxbir, mas’ul kotib bo‘lib ishlagan.

“Ko‘ngil ohanglari”, “Yashil yaproqlar” she’rlar to‘plami, “Yorqin ufqlar”, “Amu mavjlari” ocherklar to‘plami, “Abadiylik” hujjatli qissa asarlari muallifi.

Gazeta va jurnallarda Samariddin Sirojiddinovning 300 dan ortiq tahliliy, tanqidiy va ilmiy maqolalari chop etilgan.

1986 yilda vafot etgan.

DUNYoGA QO‘Sh

Dunyo man dunyo bo‘lib, dunyo meni dunyoga qo‘sh,

Jilg‘a-jilg‘a kuylarimni mavji zo‘r ma’noga qo‘sh.

 

Kuylamoq bo‘ldim, jahonni, kuyga to‘lsin bu jahon,

Neki qalbim zohir etmish, so‘zga qo‘sh, ma’noga qo‘sh.

 

Ma’nosiz dunyo ne hojat, bir kelib ketmoqmi baxt,

Sargarang bo‘lmay meni ahli jahon oroga qo‘sh.

 

Zarra-zarra singdirib, bor dilga olam mehrini,

Asra shumlardan va lekin, yaxshiyu a’loga qo‘sh.

 

Bu jahon xoli emasdur fitnadan yo rashkdan,

Berma bog‘lab shum raqibga do‘stga qo‘sh, donoga qo‘sh.

 

Men uchun kim aqli dono birla dunyo barkamol,

Barkamollikni kasb etib, ijroga qo‘sh.

 

Barkamol sen baxtim chaman, qilsin yorug‘ oftob yo‘lin,

Toleimni ko‘rkam etgin, gulga qo‘sh, ra’noga qo‘sh.

 

Chunki o‘ylar bu Sirojiy jono el baxtini,

Gar tilarsan baxti yorliq, sen meni dunyoga qo‘sh.

***

O‘zbekiston xalq shoiri Normurod Narzullayev (1934 yilda tug‘ilgan) asli Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanidan bo‘lsa-da, ijod va faoliyati bevosita Samarqandda kechgan. Ya’ni, Samarqand pedagogika institutining til va adabiyot fakultetida tahsil olgan, dastlabki ish faoliyatini «Lenin yo‘li»da boshlagan. Ko‘plab she’rlari shu gazetada bosilgan va shu orqali xalqqa tanilgan.

Ilk she’rlar to‘plami «Suyunchi». Shuningdek, «Zarafshon zarlari», «Ufqlarda ko‘zlarim», «Lahza va larza», «Yog‘du», «Nigohlar», «Sevgi sehri», «Aniq vaqt», «Qalbim qatralari», «Oq farishtam, oppoq farishtam» kabi she’riy to‘plamlari bor. Tarixiy mavzuga bag‘ishlangan «Amir Temur haqida qo‘shiq», bolalarga atab yozilgan «Shamol ushlagan bola», «Bosh maydon» kitoblari ko‘pchilikning sevimli asariga aylangan.

O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Normurod Narzullayev G.Geyne, Ye.Yevtushenko, Q.Quliyev, M.Qanoat va boshqa shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

2006 yil 28 martda Toshkent shahrida vafot etgan.

SO‘ROQLAR

Samolarda yulduzlarni osmon so‘roqlar,
Chin insonni ko‘ngil qo‘yib inson so‘roqlar.

 

Orzu-armon tug‘iladi yerda, yurakda,
Cho‘qqilarda baxtni izlab dovon so‘roqlar.

 

Yurak, yongin bir umrga vafo yo‘lida,
Oshiq ahli o‘z ishqini pinhon so‘roqlar.

 

Do‘st qadriga do‘st yetadi, jon do‘sting o‘sha,
Bu olamda mol-dunyoni nodon so‘roqlar.

 

Inson qadri nomusiday bo‘lsin pokiza,
Benomuslar o‘z narxini arzon so‘roqlar.

 

Hayot shirin farzand bilan, ko‘zlar qarog‘i,
Farzandlarning kamolini zamon so‘roqlar.

 

Narziy, tutgil odil yo‘lni, yo‘ldan adashma,
Bilki, dunyo sarhisobli, vijdon so‘roqlar.