Chingiz Aytmatov o‘zbekistonlik publitsist-jurnalistga nega qoshiq sovg‘a qilgan edi?

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli publitsist Nusrat Rahmatni ko‘pchilik yaxshi taniydi. Qalami o‘tkir, so‘zi salmoqli ijodkor. Nusrat aka qishloq xo‘jalik institutini bitirib, qisqa vaqt entomolog bo‘lib ishlagani, ammo talabalik davridan xabar va maqolalar yozib, tahririyatlar e’tiboriga tushgani uchun Samarqand viloyatining bosh gazetasiga ishga taklif qilishgani va shu bilan bu insonning hayoti jurnalistikaga bog‘langanini ham ko‘pchilik yaxshi biladi.

Nusrat akaning viloyat, keyinchalik respublika gazeta va jurnallarida o‘tkir chiqishlar qilgani, o‘nlab kitoblar nashr etgani va hatto bir kitobining qalam haqiga mashina olganini o‘z vaqtida, hatto bugun ham u kishining safdoshlari, shogirdlari zavq bilan hikoya qilishadi. Gohida u kishining o‘zi ham bu haqda eslab, qaysi maqolani qanday yozgani, xizmat safarlarida qanday sarguzasht-u voqealar boshidan o‘tganini goh mahzun, goh xandon otib kulib eslaydi. Buyam qay bir jihati bilan biz uchun saboq, maktab bo‘ladi.

Ustozning yana bir o‘ziga xos, boshqalarga o‘xshamagan odati borki bu u kishini yaqindan taniganlarga yaxshi ma’lum. Bilmaganlar uchun esa albatta, qiziqarli. Gap Nusrat akaning qoshiqlar kolleksiyasi haqida.

Har kimning qiziqishi turlicha-da – birov turli xil tangalarni to‘playdi, boshqasi marka, konvert yig‘adi, kimlardir jonivorlarga qiziqadi, yana ko‘pchilik o‘yinchoqlar, esdalik buyumlari kolleksiyasini yaratishga intiladi. Bu masalada Nusrat akaning “ishqi” qoshiqlarga tushgan.

– Har bir xalqning o‘z ovqatlanish, oshxona madaniyati bo‘lgani singari ular foydalanadigan qoshiqlar ham bir-biridan farq qiladi, – deydi Nusrat aka. – To‘g‘ri, bugunga kelib hamma joyda asosan, metall, yelim qoshiqlardan foydalanishadi. O‘zimiz ham bunga ko‘nikib qolganmiz. Lekin men yog‘ochdan yoki boshqa tabiiy buyumlardan yasalgan qoshiqlarga qiziqib, ularni to‘palaganman. Bu qoshiqlarning har biri qaysidir bir xalqning, elatning tarixi, madaniyati, an’analarini ifodalaydi. Afsuski, bugun qoshiq yasaydigan usta, hunarmandlar ham yo‘q, sababi bunga ehtiyoj yo‘qolib ketdi. Qashqadaryoda bir ustani tanirdim, hozir u kishi bu dunyodan o‘tgan. Zamon zayli shunaqa ekan-da. Bilmadim, endi bunday qoshiqlar faqat esdalik uchun tayyorlanadimi, agar shu ishga qunt qiladigan usta bo‘lsa, albatta. Xullas, qirq yil davomida ikki yuzdan ortiq, bir-biriga o‘xshamaydigan qoshiqlarni to‘pladim. Qaysi yurtda bo‘lsam, bozorlar, antikvar va sovg‘alar do‘konlaridan yog‘och qoshiq izladim. Keyinchalik, meni bu qiziqishimni bilgan farzandlarim, qarindosh-urug‘lar, do‘stlarim ham chetga borsalar, eng yaxshi sovg‘a deb, qoshiq ko‘tarib keladigan bo‘lishdi.

Nusrat aka hozir uyida bitta xonani qoshiqlar va ish faoliyati davomida o‘zi foydalangan ashyolar, kitoblar, suratlarga ajratgan. Hafsala qilib, ularni tartib bilan joylashtirgan, misoli bir kichik muzey. Bu muzeyning rahbari ham, ashyolar haqida hikoya qiluvchi ham ustozning o‘zi.

– Mana bu qoshiqni menga jondek ukam, hamkasbim, rahmatli Mirsharif Xo‘jayev sovg‘a qilgan, – deydi Nusrat aka bir tomoni qoshiq, ikkinchi tomoni sanchqi tarzida yog‘ochdan ishlangan buyumni ko‘rsatib. – Yahudiylarning qoshig‘i. Ming yillik tarixiga ega. Ha, aytgancha, Xitoy imperatorlarining o‘n asrlik qoshiqlari ham kolleksiyamning bir bo‘lagi. E’tiborlisi, bu qoshiqlarning biri suyuq ovqatlar uchun, ikkinchisi quyuq taomlarga mo‘ljallangan. Hindlarning Braxma haykalchasi naqsh etilib yasalgan yoki afrikaliklarning kokos yong‘og‘i po‘chog‘idan tayyorlagan, turklarning marmardan ishlangan qoshiqlari, bulg‘orlarning may ichishga mo‘ljallangan qoshig‘i ham bugun ancha kamyob. Hatto chig‘anoqdan tayyorlangan qoshiqlar bor bu yerda. Ruslarning qoshiqlari ranglanib, zeb berilgani bilan farqlansa, o‘zimizning qoshiqlar bo‘yalmagani bilan ajralib turadi. Lekin ota-bobolarimiz, momolarmiz issiq taomga qaysi, sut va qatiq uchun qanaqa qoshiq ishlatish kerakligini yaxshi bilishgan, ularning ko‘rinishi, dastasining uzun yoki qisqaligiga qarab farqlashgan.

Keyin Nusrat aka Chingiz Aytmatov, Mashrab Boboyev, Oshiq Erkin va boshqa ijodkor do‘stlari sovg‘a qilgan qoshiqlarni ko‘rsatib, ular bilan bog‘liq qiziqarli voqealarni so‘zlaydi.

– Chingiz Aytmatov bilan Moskvada o‘tkazilgan bir anjumanda ko‘rishgandim, – deb so‘zida davom etadi ustoz jurnalist. – Tanaffus paytida oldiga borib, salom-alik qildim va o‘zimni tanishtirib, “Men redaksiyadanman...” (qayta nashrida bu kitobni “Men muxbirman” deb o‘zgartirganman) degan kitobimni berdim. Oradan bir necha yil o‘tgach, qadrdonim Anvar Jo‘raboyev (o‘sha paytda “Markaziy Osiyo madaniyati” gazetasining muharriri edi) Chingiz og‘a bilan uchrashganida buyuk yozuvchi men haqimda so‘raydi undan. Kitob va maqolalarim, ijodim to‘g‘risida gapirgan Anvar suhbat orasida mening qoshiq to‘plash “odatim” haqida ham aytadi. Shunda Chingiz Aytmatov bitta qoshiq tutqazib, “Buni mendan sovg‘a sifatida Nusratga bering” deydi. Hozir bu qoshiq mening kolleksiyamdagi eng qadrli ashyolardan biri. Har gal uni ko‘rganimda, qo‘lga olganimda buyuk adib bilan bog‘liq xotiralarni yodga olaman.

Bu xonadan o‘rin olgan, Nusrat aka ilk bor foydalangan harf terish mashinkasi va birinchi kompyuteri, kitoblarining dastlabki nusxalari, sahifalari sarg‘ayib ketgan gazetalar, bugun kamyob bo‘lgan oq-qora suratlar – hamma-hammasi sakson yosh ostonasidagi otaxon jurnalist hayotining bir bo‘lagi. Ularning har biri bilan bog‘liq shirin xotiralari bor.

G‘olib HASANOV.