Chiqindi qutisidagi non

- Bemazalar, chiqindi qutisiga non bo‘laklarini tashlabdi, - achinib gapirdi u. – Uvol, savob degan narsalarni unutdik chog‘i. Nahotki nonni xor qilishdan qo‘rqmasak! Axir, dunyoda nondan aziz ne’mat yo‘q-ku! 
Odamlar o‘ziga kerak bo‘lmagan hamma narsani chiqindi deyishga o‘rganib qolgan, shekilli. Kattaqo‘rg‘on shahridagi chiqindilarni tashish bilan shug‘ullanadigan «Aholiga xizmat ko‘rsatish» mas’uliyati cheklangan jamiyati boshlig‘i Ikrom Nasrullayev shunga o‘xshash holatni so‘zlab berdi:
- Xodimlarimiz belgilangan jadval asosida mahalla, ko‘cha va ko‘p qavatli uylar atrofidan hamda maxsus chiqindi tashlash joylaridan qattiq va maishiy chiqindilarni olishadi. Ammo aholining ko‘tarib chiqadigan narsalari hech bir me’yorga to‘g‘ri kelmaydi. Tushuntirishdan esa foyda yo‘q. Yuvindidan tortib tandir kuligacha aralashtirib olib chiqadigan mijozlarning o‘zbek ekaniga ikkilanib qolasan, kishi.

Bu chiqindiga munosabatning faqat bir tomoni. «Mahalla» xayriya jamoat fondi Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi boshlig‘i Shokir Sultonovning fikridan yanayam iztirobga tushasiz:
- Shahrimizni toza, ozoda saqlash uchun 36 ta mahalla, 15 ta ko‘chaga maxsus chiqindi qutilari o‘rnatilgan edi. Bugun ana shu chiqindi qutilarining to‘qson foizi ayrim noinsoflar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan. Shahar musaffoligi uchun har bir fuqaro o‘zini daxldor deb bilishi zarur bo‘lgani holda bu ishga qo‘l urgan kishini nima deb atash mumkin?
Suv bo‘yida qurilgan xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham jamoatchilik nazoratidan chetda qolib ketyapti. Zararli suvlari kanalga yo‘nalgan «moyka»lar ham shular jumlasidan. Modomiki, bundaylar uvoldan qo‘rqmas ekan, ularga kerakli ta’sir choralarini qo‘llash kerak.

Azim QODIROV,
«Zarafshon» muxbiri.